Timur Kapadze: Yoshlar jamoasining bir kun keyin o‘ynashi murabbiylarga qulay

05.12.2024SuperligaU21 chempionati

Timur Kapadze: Yoshlar jamoasining bir kun keyin o‘ynashi murabbiylarga qulay

U21 yoshlar jamoasi ishtirokidagi o‘yin asosiy tarkib uchrashuvidan bir kun o‘tib o‘tkazilishi masalasida avvalroq So‘g‘diyona bosh murabbiyi Ivan Boshkovich o‘z fikrlarini bildirgan edi. Endilikda O‘zbekiston U23 terma jamoasi va Olimpik klubi sobiq ustozi Timur Kapadze Ligaga intervyu berdi.


“U21 jamoasi o‘yinining bir kun keyin o‘tkazilishi bir necha sababga ko‘ra qulay. Masalan, har qanday murabbiy uchun asosiy tarkib bahsi muhimroq. Shuning uchun uning diqqat va e’tibori ikkinchi o‘yinga ham qaratilishida yetarlicha vaqt hamda sharoit bo‘lishi kerak. Ayrim sabablarga ko‘ra asosiy jamoa bilan o‘yin amaliyoti ololmagan futbolchi ertasiga U21 jamoasi tarkibiga qo‘shilishi mumkin”, — deb so‘z boshladi Kapadze.


“Yoshi kattaroq futbolchida ham o‘z jismoniy holatini maromida ushlab turish uchun bir kun keyin o‘tkaziladigan bahsda maydonga tushish imkoniyati bor. Bilasiz, jarohatdan endi chiqqan futbolchi tezda asosiy tarkibga qo‘shilishi qiyin. Futbolchining o‘yin tonusini ushlab turishiga ko‘maklashish maqsadida U21 jamoasi safida unga aniq qancha daqiqa berilishini bir kun keyin hal qilish qulayroq”.


Kapadze fikrida davom etdi: “Asosiy jamoa bilan turli uslublar, taktik qo‘llanmalar ustida ishlanadi va shuning asosida tarkib shakllanadi. Standart vaziyatlar ustida ishlash, turli sxemalarni qo‘llash murabbiy uchun muhim va bu ancha vaqt oladigan jarayon. Futbolchi asosiy bellashuv qaydnomasiga kirishi uchun ham mashg‘ulotlarda jon berib ishlashga majbur. Yo‘qsa u qaydnomaga kira olmasligini aniq his qiladi va tabiiyki, mashg‘ulotga zo‘r beradi”.


Ma’lumot uchun, Kapadze yoshlar jamoasi ishtirokidagi uchrashuv bir keyin o‘tkazilishi masalasini faol ko‘tarib chiqqan mutaxassis hisoblanadi. Mana shu formatga o‘tilgach, Kapadze boshqaruvidagi Olimpik U21 jamoasi mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan. U avvaliga asosiy tarkib bilan, ertasiga esa o‘rinbosarlar bilan bir xilda ishlashga erishgan kam sonli murabbiylardan biri hisoblanadi.

    facebooktwittertelegramok
  • Yangilikni ulashing

Boshqa yangiliklar

Sayt test rejimida ishlamoqda