Ivan Boshkovich: Yoshlar jamoasi asosiy tarkibdan keyin o‘ynashi mantiqli
02.12.2024Superliga
OAVda U21 jamoalari ishtirokidagi o‘yinlar 2025-yildan boshlab asosiy tarkibnikidan bir kun avval bo‘lib o‘tishi mumkinligi to‘g‘risida xabar e’lon qilingach, So‘g‘diyona bosh murabbiyi Ivan Boshkovich Liga bilan bog‘landi va mazkur masalada o‘z pozitsiyasini bildirdi.
“Yosh va iqtidorli futbolchilarga yetarlicha o‘yin amaliyotini berishni istaydigan mutaxassis uchun U21 jamoasi asosiy tarkibdan keyin o‘ynagani ma’qul. Biz bu yo‘nalishda yetarlicha ish olib bordik, deb o‘ylayman. Agar U21 jamoasi asosiy tarkibdan bir kun avval o‘ynaganida edi, katta ehtimol bilan qator yosh futbolchilarni ertangi uchrashuvga asrashga harakat qilgan bo‘lardik. Bu bilan ular na yoshlar jamoasida yetarlicha o‘yin amaliyotiga ega bo‘ladi va na ertasiga asosiyda ko‘p o‘ynashi kafolatlanadi. Chunki asosiy uchrashuvda nimalar bo‘lib ketishini oldindan aytib bo‘lmaydi. Shuning uchun ham biz ko‘proq e’tiborni asosiy bellashuvga qaratdik va ertasi kuni kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lganlarni qo‘rqmasdan U21 jamoasi safida maydonga tushishini ta’minladik”, — deb gap boshladi Boshkovich.
Chernogoriyalik murabbiy fikrida davom etadi: “Jarohatini endigina davolagan tajribali futbolchi odatda asosiy jamoada kamroq daqiqalarga ega bo‘ladi. Mana shunday vaqtda ular kerakli zo‘riqishni U21 jamoasi safida olishga intiladi va tabiiyki, kelgusi turga qadar o‘z formasini tiklab borishi osonroq kechadi. U21 jamoasi ishtirokidagi bellashuv avvalroq o‘tkazilsa, siz jarohatini qaytalab olishidan cho‘chib turasiz, chunki sizni asosiy bahs ko‘proq qiziqtiradi. Ahir murabbiy sifatida meni asosiy uchrashuv qaydnomasiga kiritiladigan 20 talik ko‘proq qiziqtiradi. Ertasiga esa bemalol yoshlar ishtirokidagi o‘yinga reja tuzib, uni diqqat bilan kuzatamiz. Bu bizga kelgusi tur uchun dastlabki xulosalarni beradi”.
Ma’lumot uchun, Ivan Boshkovich U21 jamoalari ishtirokidagi uchrashuvlarni ham diqqat bilan kuzatib boradigan mutaxassislar sirasiga kiradi.