
Avvalroq, Liga qoshidagi Tartib-intizom qo‘mitasining dastlabki yig‘ilishi bo‘lib o‘tgani haqida xabar qilingandi.
Superliga 2026-yilgi mavsumining 1-turida sodir etilgan qoidabuzarliklarni ko‘rib chiqish maqsadida o‘tkazilgan yig‘ilishda ikkita ish ko‘rib chiqildi. Jumladan, 27-fevral sanasida o‘tkazilgan Andijon — So‘g‘diyona uchrashuvining 44-daqiqasida andijonliklar bosh murabbiyi — Samvel Babayan maydon chetida raqib futbolchisining to‘p bilan harakatlanishiga ataylab xalaqit bergani aniqlandi. Qo‘mita Tartib-intizom kodeksining 61-moddasiga asosan Andijon bosh murabbiyiga nisbatan jarima intizomiy jazo chorasini qo‘lladi.
Shuningdek, 1-mart sanasida bo‘lib o‘tgan OKMK — Bunyodkor uchrashuvi hakamidan bildirgi kelib tushgan bo‘lib, Bunyodkor futbolchisi — Dmitriy Pletnyov hakam qaroriga norozilik bildirgani uchun ogohlantirilgani ma’lum qilingan. Qo‘mita Superliga Reglamentining 15.37-bandiga muvofiq, Bunyodkor klubiga ogohlantirish intizomiy jazo chorasini belgiladi. Reglamentning mazkur bandiga muvofiq, mavsumning qolgan qismida mazkur klub futbolchilari tomonidan simulyatsiya, uchrashuv vaqtini cho‘zganlik yoki hakam qaroriga e’tiroz tufayli sariq kartochka olinsa, ularga nisbatan jarima intizomiy jazo chorasi qo‘llanadi.