Professional klublar U21 chempionati o‘yinlari bir kun avval o‘tishiga ko‘proq ovoz berdi
09.11.2025U21 chempionati

20-oktyabr kuni professional futbol klublari rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda U21 chempionati o‘yinlarining bir kun oldin yoki keyin o‘tishi masalasi ham muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Liga so‘nggi uch mavsum davomida U21 chempionati uchrashuvlarini bir keyin o‘tkazib keldi. Bunday qarorga kelinishi Olimpik futbol klubining tashkil etilishi bilan bevosita bog‘liq hisoblanadi. Klub bosh murabbiyi sifatida Timur Kapadze buning afzalliklari masalasida Liga bilan uchrashuv o‘tkazgan. Keyinchalik Ivan Boshkovich va uning qatorida yosh iqtidorli futbolchilarga nisbatan ko‘proq imkoniyat taqdim etuvchi ayrim klublar bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlagandi.
Klublar rahbarlari ishtirokidagi yig‘ilishda Qashqadaryoning uch futbol klubi mazkur masalani qayta ko‘rib chiqish taklifini kiritdi. Bu fikr yana bir qator klublar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Yakunda esa Liga mazkur masalani ovozga qo‘yishi, o‘z navbatida klublar bosh murabbiy va boshqa mutaxassislari bilan maslahatlashgan holda, Ligaga o‘zining yakdil ovozini taqdim etishi yuzasidan kelishuvga erishildi. O‘z navbatida Liga 17 klub ishtirok etadigan ovoz berish jarayonida minimum 10 ta klub yangi taklifni yoqlab ovoz bersa, reglamentga tegishli o‘zgartirish kiritilishini ma’lum qildi.
Ovoz berish yakuniga ko‘ra, aynan 10 ta klub yuqoridagi taklifni qo‘llab-quvvatladi. Qashqadaryoning uch klubi safiga Neftchi, Qo‘qon-1912, OKMK, Dinamo, Qizilqum, Buxoro va Xorazm klublari ham qo‘shildi. Shundan kelib chiqqan holda 2026-yilgi mavsumda U21 chempionati bellashuvlari asosiy tarkib o‘yinidan 1 kun avval o‘tkazilishi masalasi “Superliga reglamenti”ga kiritildi.
Ushbu masalada Liga pozitsiyasi qanday bo‘lishi emas, ishtirokchi klublar fikri birlamchi ahamiyat kasb etganligini e’tirof etamiz.

