Liga mualliflik va turdosh huquqlarni buzayotgan Telegram-kanallarga chora ko‘rishni boshladi
12.03.2025Superliga

O‘zPFL 2025 yilgi mavsum boshlanishi oldidan barchani Superliganing media va tijorat huquqlarini hurmat qilishga chaqirgandi.
Biroq, chempionat startidan so‘ng Telegram messenjeridagi bir nechta kanallar Superliga uchrashuvlarini noqonuniy translyatsiya qilishi, Liga mediamahsulotlarini ruxsatsiz tarqatish holatlari ko‘zga tashlandi.
Liga ushbu holatlardan so‘ng zudlik bilan mualliflik va turdosh huquqlarni buzayotgan bir nechta kanal ustidan Telegram tarmog‘iga rasmiy shikoyat kiritdi. Ushbu murojaatlar tarmoq ma’muriyati tomonidan asosli deb topildi va ushbu kanallarga rasmiy ogohlantirish jo‘natildi. Mazkur holat yana takrorlanadigan bo‘lsa, ko‘p sonli obunachiga ega ushbu kanallar bloklanishi muqarrar.
Mualliflik va turdosh huquqlar himoyasi doim og‘riqli mavzu bo‘lib kelgan. Bu ayniqsa teletranslyatsiyalar yo‘nalishida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Liga shunday vaziyatda ham o‘z huquqlari himoyasini ta’minlashda qat’iy davom etadi va barcha kontent yaratuvchilardan mualliflik va turdosh huquqlarni hurmat qilishni so‘raydi.