O‘zPFL Superliganing media va tijorat huquqlarini hurmat qilishga chaqiradi

07.03.2025PFLSuperliga

O‘zPFL Superliganing media va tijorat huquqlarini hurmat qilishga chaqiradi


Liga o‘zi o‘tkazayotgan barcha musobaqalarning media huquqlariga egalik qiladi va faqatgina Superliga uchrashuvlarining televizion huquqlarini Sport TV va Futbol TV telekanallari uchun taqdim etadi. Har ikki tashkilot o‘rtasida televizion va tijorat huquqlarini o‘z ichiga olgan moliyaviy shartnoma imzolangan bo‘lib, bunda telekanal hamda Liganing huquq va majburiyatlari aniq ko‘rsatib o‘tilgan. 


Superliga uchrashuvlarini internetda translyatsiya qilish va undan kelib chiqadigan qo‘shimcha huquqlar xorijiy kompaniyaga taqdim etilgan bo‘lib, Liga 2021-yildan buyon bundan daromad olib keladi.

 

Sport TV va Futbol TV telekanallarida translyatsiya qilinayotgan Superliga uchrashuvlaridan 10 daqiqagacha bo‘lgan video sharh tayyorlash, musobaqa davomida yuzaga kelayotgan o‘yin vaziyatlarini turli ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish kabi masalalar bevosita Liga bilan kelishilishi zarur. Uchrashuvlarni uzluksiz videotasvirga tushirish va Ligaga tegishli bo‘lgan mazkur huquqdan turli maqsadlarda foydalanish masalasi qonunchilikda belgilangan ko‘rinishda tartibga solinadi.


Superliganing har bir uchrashuvidan keyin Liga shu uchrashuv highlights’ini o‘z rasmiy sahifalarida e’lon qiladi va uni Superliga ishtirokchilari klublari sahifalari bilan bo‘lishadi. Boshqa har qanday yuridik yoki jismoniy shaxsning bu huquqdan foydalanishi, ayniqsa uchrashuvlarni televizion formatda yozib olib, ularni tarqatishi taqiqlanadi. O‘yinlarning 10 daqiqadan oshmagan videolaridan ko‘rsatuv yoki boshqa turdagi loyihalarda foydalanish istagida bo‘lganlar Liga matbuot xizmati bilan aloqaga chiqishi so‘raladi.  

   

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi qonuni 21-moddasida belgilanganidek, jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini yoritish huquqidan uchinchi shaxslar faqat jismoniy tarbiya yoki sport tadbirlari tashkilotchilarining yozma ruxsatlari bilan yoxud uchinchi shaxslar tomonidan ushbu huquqlarning bunday tadbirlar tashkilotchilaridan sotib olinganligi to‘g‘risidagi yozma shakldagi kelishuvlar asosida foydalanishi mumkin. Liga mazkur huquqdan to‘liq foydalanishni rejalashtirgan. Bunda OAV yoki tegishli kanal mazkur qoidalarga amal qilmayotgani aniqlansa, birinchi navbatda tegishli kontentni bloklash yuzasidan rasmiy ogohlantirish kiritilishi ko‘zda tutilgan.


Liga futbol bo‘yicha ichki chempionat va uning daxlsizlik chegaralarini hurmat qilishni iltimos qiladi.

    facebooktwittertelegramok
  • Yangilikni ulashing

Boshqa yangiliklar