
Kecha — 7-aprel kuni Superliga 6-turi doirasida Andijon 0:1 Navbahor uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. O‘yin davomida reglament bandlari bilan tartibga solingan qoidalarning buzilishi bo‘yicha bir qator holatlar qayd etildi.
O‘tgan soatlar davomida Liga uchrashuv rasmiylaridan mazkur holatlar bo‘yicha bildirgi kutdi. Biroq Komissarni inobatga olmasa, na bosh hakam va na to‘rtinchi hakam mezbonlar zaxira o‘rindig‘ida yuz bergan holatlarni tartibga solish bo‘yicha bildirgi kiritdi. Faqatgina uchrashuvning 55-daqiqasida bosh hakam o‘ziga nisbatan bildirilgan e’tiroz uchun Andijon ustozi Samvel Babayanga sariq kartochka ko‘rsatdi.
Liga Tartib-intizom qo‘mitasi o‘xshash holat bo‘yicha joriy yilning 3-mart kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida Samvel Babayanga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llagandi. Shunga qaramay, Andijon bosh murabbiyi Navbahor klubiga qarshi vodiy derbisida ham texnik zona bilan bog‘liq qoidalarga nisbatan bepisand munosabatda bo‘ldi. Bu esa o‘z navbatida qo‘mita qarorlariga hamda o‘yin qoidalariga nisbatan hurmatsizlik hisoblanadi. Mutaxassis zaxira o‘rindig‘i rasmiylari uchun belgilab qo‘yilgan chegaralarni bir necha bor kesib o‘tdi. Shuningdek, hakam qarorlariga nisbatan e’tiroz sifatida to‘pni maydonga uloqtirdi. Bir qator vaziyatlarda bosh hakam va zaxira hakami bilan tortishuvli vaziyatlarni yuzaga keltirdi. Bu esa tabiiyki, maydonda harakat qilayotgan Andijon futbolchilariga ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Oqibatda, uchrashuv davomida bir qator asabiy holatlar kuzatildi.
Liga uchun o‘n olti klub bosh murabbiylari bir maqomda hisoblanadi. Uchrashuv davomidagi emotsiyalar, hayajonli daqiqalar futbolning bir qismi sifatida qabul qilinadi va uning jozibasi uchun tabiiy ravishda to‘g‘ri talqin etiladi. Ammo Tartib-intizom qo‘mitasining tegishli qaroridan keyin ham barcha uchun teng bo‘lgan qoidalarga bo‘lgan hurmatsizlik qabul qilinmaydi.
O‘z navbatida Liga faqatgina bu bilan cheklanib qolmaydi hamda O‘zbekiston futbol hakamlari markazidan Andijon 0:1 Navbahor uchrashuvi hakamligi bo‘yicha rasmiy tushuntirish talab qiladi. Bunga Komissar bildirgisi va translyatsiya davomida namoyish etilgan tasvirlar asos qilib olinadi. Bosh hakam va zaxira hakami uchrashuvning ayrim epizodlarida boshqaruvni qo‘ldan chiqargani, shuningdek, o‘yin davomida va undan keyin ham holatni tartibga solish maqsadida jiddiyroq amaliy harakatlarni amalga oshirmagani Ligani sergak torttiradi. Boisi, Superligada faoliyat olib borayotgan professional referi har qanday holatda ham rasmiy shaxslarning o‘yinning borishiga aralashuvini tartibga solishi shart. Bu o‘z navbatida maydonda harakat qilayotgan futbolchilar, uchrashuvni tomosha qilayotgan bir necha ming muxlislarga ta’sir o‘tkazishi mumkin. Ishonamizki, O‘zFHM hakamlarni tayinlashda Superliga o‘yinlari darajasidan kelib chiqadi va kechagi uchrashuvdagi har bir epizodni hakamlar bilan seminarlar davrida o‘rganib chiqqan holda, kelgusi uchrashuvlar tartibli va yuqori saviyada o‘tishiga o‘z hissasini qo‘shadi.
Ma’lumot uchun, Andijon — Navbahor uchrashuvida faoliyat olib borgan hakamlar katta ehtimol bilan o‘yin natijasiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ymadi. Biroq yuqoridagi o‘yin davomidagi epizodlar uchrashuv taqdirini bevosita o‘zgartirib yuborishi mumkin edi. Stadiondagi atmosfera, uchrashuvga tayyorgarlik va boshqa masalalar a’lo darajada ekanligi Ligani quvontiradi. Biroq 90 daqiqalik futboldan muxlislar tom ma’noda rohatlanishi uchun ham uning davomida bahsli, ko‘ngilsiz, qoidalarga bo‘lgan hurmatsizlik va o‘yin tempiga salbiy ta’sir qiluvchi tashqi aralashuvlar maksimal darajada kam bo‘lishi Liga uchun ustuvor yo‘nalish hisoblanadi.