Final chiptalari 1-oktyabr — dam olish kunida vodiyning uch shahrida sotuvga chiqadi

28.09.2024Uzbekistan Cup

Final chiptalari 1-oktyabr — dam olish kunida vodiyning uch shahrida sotuvga chiqadi

5-oktyabr kuni Farg‘onada bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston kubogining final uchrashuvi uchun chiptalar muxlislarga qulaylik yaratish maqsadida 1-oktyabr kuni sotuvga chiqariladi. Ular Farg‘onadagi Istiqlol, Namangandagi Markaziy hamda Andijondagi Bobur arena kassalarida sotiladi. 


Avvalroq Liga Andijon va Navbahor klubi rahbarlari hamda muxlislari bilan uchrashuv o‘tkazgan bo‘lib, mazkur masala qanday tartibga solinishi borasida kelishuvga erishgandi. Unga ko‘ra, Istiqlol stadionining 10, 11, 12, 13, 14, 15, 16, 17, 18, 19, 20-sektorlari Andijon muxlislari uchun ajratiladi. Navbahor muxlislari esa 22, 23, 24, 25, 26, 27, 28, 29, 30, 31, 32-sektorlardan joy olishi mumkin. Har ikki klub muxlislari chiptalarni o‘z arenalari kassalariga jonli navbatga turish orqali sotib olishlari mumkin. Navbatda turgan har qanday shaxs ko‘pi bilan 4 dona chipta xarid qilishi mumkin bo‘ladi. 


Chipta savdosi masalasida Liga iTicket bilan hamkorlik qiladi. Istiqlol stadionidagi sharoit hamda bellashuvga bo‘lgan qiziqishning katta ekanligidan kelib chiqib, elektron chiptalar savdosi yo‘lga qo‘yilmaydi. Bunda qalbaki chiptalar savdosining oldini olish masalasiga ham e’tibor qaratiladi. Chipta maxsus qog‘ozlarda chop etilgan va himoya belgisiga ega bo‘lib, futbol muxlislariga ularni faqat kassa orqali sotib olish, begona shaxslar qo‘lidan xarid qilmaslik tavsiya etiladi. iTicket muxlislarning stadion turniketlaridagi harakatlarini tartibga solish masalasida Milliy gvardiya hamda Ichki ishlar organlari vakillari bilan hamkorlikda faoliyat olib boradi. Bunda qalbaki chiptalarni aniqlash uslubidan foydalaniladi hamda ularga qarshi choralar ko‘riladi. Kelishuvga ko‘ra, muxlislarning turniketlar tomon harakatlari maxsus to‘siqlar bilan tartibga solinadi. 


Avvalroq xabar berilganidek, 2024-yilgi futbol mavsumi uchun chiqarilgan akkreditatsiyalar bilan stadionga kirish imkoniyati mavjud emas. Liga final o‘yinida ishlaydigan texnik xodimlar hamda OAV vakillarini faqatgina final uchun chiqarilgan maxsus akkreditatsiyalar bilan ta’minlaydi. Shuningdek, chiptalar savdosida sun’iylik va ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘ymaslik maqsadida klublar rasmiylari hamda Liga vakillari iTicket xizmatchilariga bevosita ko‘maklashadi. 


Chipta xarid qilgan andijonlik futbol muxlislaridan 5-oktyabr kuni Istiqlol stadionining Islom Karimov nomli Farg‘ona kichik halqa yo‘liga tutashgan hududdagi 2-kirish darvozasi orqali, namanganlik ishqibozlardan esa stadionning “Umid nihollari” ko‘chasiga tutashgan hududdagi 1-kirish darvozasi orqali finalga tashrif buyurishi so‘raladi. Bunda nafaqat turniketlar, balki mashinalar uchun avtoturargoh ham alohida bo‘ladi. Muxlislar sektorlarga kirishda soat ko‘rsatkichlariga teskari yo‘nalishda, stadionni tark etishda esa soat ko‘rsatkichlari yo‘nalishida harakatlanadi.


Stadionning 5-CIP sektori uchun chipta narxi 200 ming so‘mni tashkil etadi. Mazkur sektor uchun chiptalarning aksar qismi Liga tomonidan homiy va hamkor tashkilotlarga taqdim etiladi. 3, 4, 6, 7-sektorlar 150 ming so‘mdan, 19, 20, 22, 23-sektorlar 100 ming so‘mdan, qolgan barcha sektorlar 75 ming so‘mdan sotuvga chiqariladi. Bunga qadar Istiqlol stadioniga kirish uchun chiqarilgan yillik abonementlar bilan final bellashuvini tomosha qilish imkoniyati mavjud emas.

Final chiptalari 1-oktyabr — dam olish kunida vodiyning uch shahrida sotuvga chiqadi
    facebooktwittertelegramok
  • Yangilikni ulashing

other_news

Sayt test rejimida ishlamoqda