Bobur arena stadionida ayrim sektorlar yopiladi

Liga mazkur masala yuzasidan Andijon futbol klubi, viloyat hokimligi, ichki ishlar boshqarmasi hamda Milliy gvardiya boshqarmasiga murojaat qildi. 

28-aprel kuni O‘zbekiston kubogi doirasida Andijon Qarshining Nasaf klubini qabul qilishi lozim. Mazkur bellashuvga bo‘lgan qiziqishning yuqori ekani Ligani ham quvontiradi, ham xavotirga soladi. Chunki 2024-yilning 13-aprel kuni Bobur arena stadionida o‘tkazilgan Andijon — Dinamo uchrashuvida qator kamchiliklar bayonlashtirilgan. Texnik zona ortida joylashgan tribunadagi tomoshabinlar yordamchi hakamga tinimsiz ravishda beton bo‘laklari va toshlar otgani, uchrashuv yakunlanganidan keyin ham bu holat davom etib, kiyim almashtirish xonasiga yo‘l olgan hakamlarga beton bo‘laklari va toshlar otilgani, futbolchilarning oila a’zolari uchrashuv yakunida texnik zonaga qo‘yib yuborilgani, oqibatda futbol uchrashuvlarini o‘tkazish bilan bog‘liq qator normalar buzilgani uchrashuv bildirgisida qayd etilgan. 

Uchrashuvni tashkil etish bilan bog‘liq kamchilik masalasida Liga klub bilan ishlaydi. Andijon fan klubi esa uyushqoqlik, bayram kayfiyati hosil qilish va qator masalalarda o‘zini namoyon etayotganidan kelib chiqib, Nasaf bilan uchrashuv muxlislarsiz o‘tishi masalasi Tartib-intizom qo‘mitasiga oshirilgani yo‘q. Biroq xavfsizlik masalasidan kelib chiqib, 28-aprel kungi bellashuv uchun stadionining 1, 1A, 2, 32-sektorlari, shuningdek VIP tribuna ostidagi o‘rindiqlarni vaqtincha yopish hamda mazkur sektorlar uchun chiptalarni savdoga chiqarmaslikni maqsadga muvofiq deb topildi. Liga komissari uchrashuvoldi miting davomida mazkur masalalarni jamoat tartibini saqlash uchun mas’ul organlar bilan kelishishi ko‘zda tutilgan. 

O‘z navbatida Liga andijonlik futbol muxlislariga bevosita murojaat qiladi. Andijon xalqi mehmondo‘st va bag‘rikengligi bilan nom taratgan. Shunga qaramay, ayrim nomaqbul shaxslarning xatti-harakati yuqoridagi kabi holatlarga sabab bo‘lmoqda. Shundan kelib chiqib, yon-atrofingizdagi shaxslarni bu kabi ishlardan qaytarish, ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlash maqsadga muvofiq hisoblanadi. Zero, ayrim shaxslarnigina deb, klub muxlislarsiz stadion, chiptalar savdosi va boshqa masalalarda aziyat chekishi ham to‘g‘ri emas. Ishonamizki, katta yoshli futbol muxlislari ayrim shaxslar o‘zini isloh qilishida ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsata oladi. Raqobatbardosh klub, futbol bayrami va ajoyib muxlislar bilan viloyat futboli yanada yaxshiroq marralarni zabt eta olishiga umid bildiramiz.

mib
uzcard
cola
apex
bmb