BMB Holding va Liga futbolni rivojlantirish yo‘lida navbatdagi qadamni tashladi

2023-yilgi mavsumdan buyon Liga rasmiy homiysi sifatida ishlab kelayotgan BMB Holding kelishuvni yana 1 yilga uzaytirishga qaror qildi. 

4-mart kuni BMB Holding Kuzatuv kengashi raisi Bekzod Mamatqulov Liga vakillarini qabul qildi. Uchrashuv davomida 2024-yilgi rejalar asosiy mavzuga aylandi. Shuningdek, 2023-yil davomida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi. 

BMB Holding mamlakat futboli va futzali rivojiga katta hissa qo‘shib kelayotgani barchaga ma’lum. U nafaqat Liga, balki Assotsiatsiya bilan ham yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘ygan. O‘tgan yillar davomida BMB Holding Superliga ishtirokchilari bo‘lgan So‘g‘diyona va Lokomotiv futbol klublari bilan ham hamkorlikda faoliyat olib borgandi. 

“Professional futbol liga qanday ishlayotgani va qaysi jabhalarda o‘sishga erishayotganligini barcha ko‘rib turibdi. BMB HOLDING bu kabi loyihalar rivojiga ko‘maklashib keladi. Ishonamizki, 2024-yil mamlakat futboli yana bir qadam oldinga tashlashga erisha oladi. Biz futzal bo‘yicha tarixda ilk marta jahon chempionatini qabul qilishga tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz. Terma jamoamiz o‘z uyida bo‘ladigan mundialda ishtirok etish uchun katta yo‘lga chiqqan. Mana shu yo‘lda BMB HOLDING Siz bilan ekanligini his qilishingizni istaymiz”, — deya ta’kidladi xolding Kuzatuv kengashi raisi Bekzod Mamatqulov.

Liga hamda BMB Holding o‘rtasidagi kelishuv nafaqat 1 yilga uzaytirildi, balki uning moliyaviy shartlarida o‘sishga erishildi. Liga qatorasiga ikkinchi mavsum xolding bilan hamkorlikda faoliyat olib borilayotgani, ikki tomon o‘rtasidagi iliq munosabatlar va o‘zaro ishonch ortayotganini ichki chempionat rivoji yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sifatida e’tirof etadi. Buning uchun BMB Holding va uning ahil jamoasiga minnatdorchilik bildiramiz.

 

mib
uzcard
cola
apex
bmb