U19 chempionati ikki mintaqaga bo‘lib o‘tkaziladi

Joriy mavsum Liga hisob bo‘yicha beshinchi bor U19 chempionatini o‘tkazadi. Mamlakat futboliga bo‘lajak iqtidorlarni yetkazib berayotgan musobaqaga bo‘lgan qiziqish yildan-yilga ortib borayotgani sir emas. 

U19 chempionatiga nisbatan qator qarshiliklar bo‘lishiga qaramay, Liga ushbu musobaqani tashkil etish yo‘lida dadil qadam tashladi. Keyinroq e’tirozlar uni mintaqalarga bo‘lib o‘tkazish taklifiga o‘zgartirildi. Bunda klublar U19 jamoasiga pul topa olmayotgani sabab sifatida ko‘rsatildi. Vaholanki, har bir klub qanday kelishuvlar amalga oshirayotgani va ularning xarajatlar smetasi qanday ekani Ligaga ma’lum edi. Shundan kelib chiqib, futbol maktablari masalasi tartibga keltirilguniga qadar, Liga o‘z pozitsiyasida qat’iy turdi va yuqoridagi kabi bahonalarga e’tibor qaratmadi. Natijada O‘zbekiston OFK litsenziyalash talabini bajarishda qit’a yetakchilaridan biriga aylandi.   

2024-yilga kelib Liga futbol maktablari va ularning tarbiyalanuvlarini ro‘yxatdan o‘tkazish masalasida navbatdagi qadamni tashladi. Qishki transfer oynasi davomida nafaqat professional futbol klublari qoshidagi futbol maktablari va akademiyalari, balki O‘FA qoshida tashkil etilgan hududiy futbol akademiyalari ham o‘z tarbiyalanuvchilarini Liga ro‘yxatidan o‘tkazdi. Bu bilan yosh futbolchini maktab/akademiyaga qabul qilish va undan chiqarish tizimi to‘g‘ri tizimga tushdi. Endilikda yosh futbolchi uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan mashg‘ulot kompensatsiyasi va uning faoliyatini tartibga keltirish masalasi yildan-yilga takomillashib boradi. Biz bir necha yil ichida futbolchi passportini to‘liq elektronlashtirishga erisha olamiz. 

Futbol maktablari/akademiyalari masalasi Liga reja qilgan ko‘rinishda tartibga kelgach, endilikda O‘FA qoshidagi hududiy futbol akademiyalarida Birinchi liga ishtirokchisiga aylanish imkoniyati paydo bo‘ldi. Ya’ni, professional futbol klublari qoshidagi U19 jamoalaridan tashqari, hududiy akademiyalar ham o‘z tarbiyalanuvchilarini o‘ynatishi mumkin bo‘lgan Liga musobaqasi vujudga keldi. Bu esa tabiiyki, yanada ko‘proq iqtidorlarga imkoniyat beradi va seleksiya murakkabliklariga munosib yechim bo‘ladi. 

Shu tariqa Liga U19 chempionati jamoasiga geografik nuqtai-nazardan qulaylik berish, bir vaqtning o‘zida professional klubning OFK litsenziyalash talablarini bajarishini qulaylashtirish hamda U19 chempionatidan tushib qolayotgan yoshlarni Birinchi ligaga jalb qilish masalasini tartibga keltirishga erishdi deyish mumkin. Qisqa qilib aytganda, Liga o‘zining to‘rt yillik rejasini bosqichma-bosqich amalga oshirish orqali o‘ziga xos balans hosil qildi. 

U19 chempionatining yangicha formati, Birinchi liganing qanday o‘zgarayotgani va bu bilan qanday maqsadlar ko‘zlanayotgani masalasida bosqichma-bosqich ma’lumot berib boriladi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb