O`zbekistonning Ispaniyadagi elchixonasi PFL va La liga hamkorligini mustahkamlashda muhim o`rin tutmoqda

Bilasiz, joriy yildan boshlab O`zbekiston hamda Ispaniya futbol ligalari o`rtasida yaqindan hamkorlik yo`lga qo`yildi.

Aprel oyi boshida Madridda amaliy ishchi tashrif bilan bo`lgan O`zPFL bosh direktori Omon G`ofurov La liga bosh direktori Xaver Gomes bilan uchrashib, ikki tomonlama hamkorlik bo`yicha kelishuvga erishgandi. La liga bosh direktori o`zbek futboli rivojiga hissa qo`shishga, mutaxassislarni O`zbekistonga yuborib, turli seminarlar tashkil qilish va tajribalari bilan o`rtoqlashishga tayyor ekanini ma`lum qilgandi.

Uchrashuv yakunida esa O`zbekiston Professional futbol ligasi hamda Ispaniya La ligasi o`rtasida 2020 yilga qadar mo`ljallangan ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolangandi. Ushbu memorandumga ko`ra, La liga mutaxassislari marketing, futbolga oid turli dasturlar, klublar bilan ishlash, translyatsiyalar va boshqa ko`plab masalalar bo`yicha yurtimizdagi mutaxassislarga yordam beradigan bo`lishdi.

O`zaro hamkorlik doirasida bir qator loyihalar amalga oshirib kelinmoqda.  Jumladan, yaqindagina butun dunyo futbol jamoatchiligi diqqat markazida turgan uchrashuv – “Barselona” hamda “Real” o`rtasidagi “El-Klassiko” Toshkentdagi “Milliy” stadionda katta shou kontsert ko`rinishida namoyish etildi. “Ommaviy El-Klassiko” tadbirida La liga elchisi Luis Garsiya, latofatli Shahzoda ham ishtirok etdi. Mahorat darsi, faxriy futbolchi va jurnalistlar ishtirokida ko`rgazmali futbol o`yini, shuningdek La liga chempioniga topshiriladigan kubok namoyishi ham bo`lib o`tdi.

La liga va PFL hamkorligi doirasidagi loyihalarni amalga oshirishda yaqindan ko`mak berayotgan O`zbekiston Respublikasining Ispaniya Qirolligidagi Elchixonasiga, jumladan, O`zbekiston Respublikasining Ispaniya Qirolligidagi favqulodda va muxtor elchisi – Jahongir Ganievga, elchixona birinchi kotibi Umid Yuldashevga minnatdorchilik bildiramiz. 

Kelasi yili yanada ko`proq loyihalar, uchrashuvlar, seminarlar tashkil etilishi ko`zda tutilgan.  O`zbekiston Respublikasining Ispaniya Qirolligidagi Elchixonasi ikki mamlakat futbol ligalari o`rtasidagi hamkorlikning yanada mustahkamlanishida muhim ahamiyat kasb etayotgani quvonarli hol.  

mib
cola
apex
bmb