PFL va La liga hamkorligi doirasidagi 2018 yil so`nggiga qadar rejalashtirilgan tadbirlar rejasi

Xabaringiz bor, joriy yildan boshlab O`zbekiston hamda Ispaniya futbol ligalari o`rtasida yaqindan hamkorlik yo`lga qo`yildi.

Shu yilning 22 yanvar kuni O`zbekiston milliy olimpiya qo`mitasi prezidenti va O`zbekiston futbol assotsiatsiyasi 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov Ispaniyada rasmiy tashrif bilan bo`lib, "Real Madrid" klubi akademiyasi direktori Xulio Ronko bilan uchrashgandi. Uchrashuv davomida "Qirollik klubi"ning Real Madrid Foundation Clinic dasturi asosida O`zbekistonda ham "Real Madrid"ning yosh futbolchilarni tarbiyalash bo`yicha metodikasini tadbiq etish bo`yicha kelishuvga erishilgandi. Aprel oyi boshida ana shu kelishuv bo`yicha ish tartibini yo`lga qo`yish maqsadida O`zbekiston Professional futbol ligasi bosh direktori Omon G`ofurov Ispaniyaga tashrif buyurib, “Real Madrid” akademiyasi rahbariyati bilan uchrashib, "Real Madrid"da faoliyat yuritayotgan murabbiylarni O`zbekistonga olib kelish bo`yicha ham hamkorlik qilishga kelishib olgandi. Natijada joriy yilning iyun oyida yurtimizda Real Madrid Foundation Clinic dasturi asosida “Qirollik klubi”ning 3 nafar murabbiyi — Karlos Albert, Manuel Aguado Xil va Ektor Visente “Real Madrid” akademiyasi metodikasi asosida mashg`ulotlar olib borishdi. 

Ta`kidlash joizki, 5 aprel kuni Madridda amaliy ishchi tashrif bilan bo`lgan O`zPFL bosh direktori Omon G`ofurov La liga bosh direktori Xaver Gomes bilan uchrashib, ikki tomonlama hamkorlik bo`yicha kelishuvga erishgandi. La liga bosh direktori o`zbek futboli rivojiga hissa qo`shishga, mutaxassislarni O`zbekistonga yuborib, turli seminarlar tashkil qilish va tajribalari bilan o`rtoqlashishga tayyor ekanini ma`lum qilgandi. 

Uchrashuv oxirida esa O`zbekiston Professional futbol ligasi hamda Ispaniya La ligasi o`rtasida 2020 yilga qadar mo`ljallangan ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolangandi. Ushbu memorandumga ko`ra, La liga mutaxassislari marketing, futbolga oid turli dasturlar, klublar bilan ishlash, translyatsiyalar va boshqa ko`plab masalalar bo`yicha yurtimizdagi mutaxassislarga yordam beradigan bo`lishdi. 

May oyi so`nggida Toshkentga La liganing “Osiyo davlatlari bilan aloqalar” bo`limi boshlig`i Xais Raxmani va “Musobaqalar va turnirlar tashkil qilish” bo`limi boshlig`i Raul Oxedalar tashrif buyurgandi va mazkur tashrif davomida o`zaro hamkorlik doirasidagi navbatdagi loyihalar muhokama qilingandi.

Unga ko`ra, shu yilning sentyabr oyida “Sevilya” U-15 jamoasi yurtimizga tashrif buyurishi va O`zbekiston U-15 terma jamoasiga qarshi o`rtoqlik o`yinida maydonga tushishi rejalashtirilmoqda. O`yinlar Toshkent va Samarqandda bo`lib o`tishi ko`zda tutilgan. 

23-25 sentyabr kunlari esa O`zbekiston futbol assotsiatsiyasi 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov hamda O`zbekiston Professional futbol ligasi bosh direktori Omon G`ofurov Ispaniya poytaxti Madridda bo`lib o`tadigan navbatdagi Butunjahon futbol Sammitida ishtirok etishadi. Shuningdek, sammit dasturiga qo`shimcha ravishda “Atletik Bilbao” klubiga tashrif buyurib, klubning va akademiyaning ish faoliyati bilan yaqindan tanishish rejalashtirilgan.

La liganing yangi mavsum uchun taqvimiga ko`ra, "Barselona" hamda "Real" o`rtasidagi birinchi "El-Klassiko" LaLiganing 10-tur uchrashuvlari doirasida 28 oktyabr kuni "Kamp Nou"da bo`lib o`tadi. PFL hamda La liga o`zaro hamkorlikda butun dunyo futbol jamoatchiligi diqqat-markazida bo`ladigan mazkur o`yin targ`ibotini yurtimizda ham yanada kengaytirish maqsadida shu kuni poytaxtimizdagi “Milliy” stadionida “Ommaviy El-Klassiko” tadbirini o`tkazishni rejalashtirishdi. Mazkur tadbir doirasida Ispaniya va O`zbekistonning faxriy futbolchilari ishtirokida ko`rgazmali futbol o`yini tashkil etish mo`ljallanmoqda. Unda har ikki jamoa tarkibida ham bir nafardan mashxur sobiq “charm to`p” ustalari qatnashishi ko`zda tutilgan. “Ommaviy El-Klassiko” tadbiri UzReport telekanali orqali yoritib boriladi. Ko`rgazmali futbol uchrashuvidan so`ng stadionga yig`ilgan barcha katta ekranda "Barselona" – "Real" o`yinini tomosha qilishi rejelashtirilgan.  

Noyabr oyida esa O`zbekiston U-15 terma jamoasi La liganing Dubayda joylashgan akademiyasida o`quv-mashg`ulot yig`ini o`tkazishi rejaga kiritildi. Shuningdek, noyabr oyida Superliga klublari bosh murabbiylari ispan klublaridan birida bir hafta mobaynida malaka oshirish imkoniga ega bo`lishadi. Mazkur malaka oshirish kurslari davomida ispan klublarining faoliyati qanay yo`lga qo`yilgani, jamoalarning mashg`ulot jarayonlari, yosh futbolchilar bilan ishlash bo`yicha batafsil ma`lumot olish ko`zda tutilgan.

Qolaversa, rejaga ko`ra PFL hamda La liga hamkorligi doirasida O`zbekiston Superligasi uchrashuvlari komissarlari noyabr oyi so`nggida Ispaniyaga safar uyushtirishadi va La liga hamda Evropa Chempionlar ligasi o`yinlari davomida uchrashuv komissarlari bilan bevosita birgalikda ish olib borish imkoniyatiga ega bo`lishlari mo`ljallandi. 

O`zbekiston Professional futbol ligasi hamda Ispaniya La ligasi o`rtasida imzolangan memorandum doirasidagi 2018 yil so`nggiga qadar mo`ljallangan loyihalar rejasi hozircha shundan iborat. Ikkala tomon ham o`zaro hamkorlikning mana shunday loyihalar va tadbirlar orqali yanada mustahkamlanishidan manfaatdor. Kelishuvga ko`ra, 2019 yilda yanada qamrovi kengroq loyihalarni o`zaro hamkorlikda amalga oshirish mo`ljallanmoqda. 

mib
cola
apex
bmb