PEPSI Superliga klublari rahbarlari “Ayaks” akademiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi

O`zbekiston milliy olimpiya qo`mitasi prezidenti va O`zbekiston futbol assotsiatsiyasi 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov tashabbusi bilan Professional futbol ligasi 2019 yilgi mavsum uchun talablarni kuchaytirayotganidan xabaringiz bor. Kelasi yildan boshlab Superliganing har bir klubi o`z akademiyasi faoliyatini yo`lga qo`yishi shart.

Kuni kecha Portugaliyaning “Portu” futbol klubi akademiyasi bilan yaqindan hamkorlik qilish bo`yicha kelishuvga erishilgandi. Endilikda O`zbekiston klublari dunyoga mashxur Gollandiyaning “Ayaks” klubi akademiyasi bilan ham hamkorlik qilish imkoniyatiga ega bo`lishadi.

“So`g`diyona”, “Qo`qon-1912”, “Metallurg”, “Paxtakor” hamda “Qizilqum” klublari texnik direktorlari ayni paytda Amsterdamda bo`lib, “Ayaks” klubi akademiyasining ish faoliyati, selektsiya jarayonlari bilan yaqindan tanishishmoqda. Kecha “Ayaks” akademiyasi faoliyatiga mas`ul Mark van der Slot hamda skauting tizimi rahbari Kazimir Vesterfeld yosh futbolchining 8 yoshdan 17 yoshga qadar qanday tarbiyalanishi xususida kichik seminar o`tkazishdi. Seminar mobaynida “Ayaks” akademiyasiga qabul qilingan yosh iste`dodning katta jamoa tarkibiga borib qo`shilguniga qadar qanday bosqichlarda tarbiyalanishi borasida batafsil ma`lumot berildi. Shuningdek, “Ayaks”ning U-23 jamoasi mashg`ulot jarayoni birgalikda kuzatildi. 

Bugun tashrifning ikkinchi kuni doirasida o`zbek klublari vakillariga “Ayaks” akademiyasi tizimida yosh futbolchilarni tarbiyalashda qo`llaniladigan o`ziga xos jihatlar haqida ma`lumot berildi. Anchagina do`stona ruhda o`tgan seminar jarayonida har ikki tomon vakillari bir-biriga o`zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi va ikkala mamlakat futboli xususida atroflicha ma`lumotga ega bo`lishdi. O`zbekistonlik mutaxassislar jahon futboliga ajoyib iqtidorlar etishtirib bergan “Ayaks” akademiyasi hodimlari tajribasidan yurtimiz futboli ertalarini tarbiyalashda albatta foydalanishlarini ta`kidlashdi.  

 

mib
cola
apex
bmb