O`zbekiston va Portugaliya Professional futbol ligalari hamkorlikda ishlaydi

O`zbekiston Professional futbol ligasi 2019 yilgi mavsum uchun talablarni kuchaytirayotgani qayd etilgandi. Ya`ni, kelasi yildan boshlab Pepsi Superliganing har bir klubi o`z akademiyasi masalasiga jiddiy e`tibor qaratishi shart.

Bu borada tashkilot futbol akademiyalari rivojlangan mamlakatlar bilan aloqalar o`rnatishda davom etmoqda. Yaqindagina O`zbekiston va Portugaliya Professional futbol ligalari o`zaro hamkorlik borasida kelishuvga erishgandi. Mazkur ish yuzasidan PFL Xalqaro aloqalar bo`limi vakili Zohid Akramovni Portu shahriga jo`natdi.

Bugun — 23 iyul kuni PFL vakili avvaldan belgilangan uchrashuvga ko`ra Portugaliya Professional futbol ligasi ijrochi direktori Sonia Karneyru hamda Yuridik masalalar bo`yicha ijrochi direktor Jaou Martins bilan ko`rishdi. Endilikda Portugaliya Professional futbol ligasi marketing, media, klublar bilan ishlash, translyatsiya va boshqa turli masalalar bo`yicha o`z mutaxassislarini O`zbekistonga yuborib, seminarlar tashkil qilish va o`z tajribasi bilan o`rtoqlashishga tayyor.

Qo`shimchasiga, “Portu” futbol klubi akademiyasi bilan ham hamkorlik qilish bo`yicha kelishib olindi. Dragon Force nomi bilan mashhur akademiya murabbiylari sentyabr–oktyabr oylarida O`zbekistonga tashrif buyurib, yosh futbolchilarga “Portu” metodikasi asosida futbol sirlarini o`rgatadi. 

Ma`lumot uchun, yaqindagina O`FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonovning imzosi bilan Superliga klublariga yangi shtat jadvallari taqdim etilgan bo`lib, unda futbol akademiyasi masalasi alohida o`rin tutgandi. 2019 yildan boshlab barcha klublar o`z akademiyasini yo`lga qo`yishga e`tibor qaratadi. 

mib
cola
apex
bmb