“Futbol do`stlik” uchun loyihasi ishtirokchilari Alisher Uzoqovdan qimmatli maslahatlar olishdi

FIFA va futbol bo`yicha 2018 yilgi Jahon chempionatining rasmiy hamkori – “Gazprom” kompaniyasi o`zaro hamkorlikda “Futbol do`stlik uchun” ijtimoiy loyihasining 6-mavsumiga start bergani haqida xabar berilgan edi.

Loyihaning final tadbirlari shu yilning 8–15 iyun kunlari Moskva shahrida o`tkaziladi va unda 211ta mamlakat vakillari ishtirok etadi. O`zbekiston futbol Assotsiatsiyasi ikkinchi marta “Futbol do`stlik uchun” loyihasida qatnashadi. Qur`a natijasiga ko`ra, bu yil ham musobaqalarda yurtimiz sharafini yosh darvozabon himoya qiladi.

Mazkur dasturning asosiy maqsadi – butun dunyo yosh avlodni sportga jalb qilish va ular orasida muhim gumanitar qadriyatlar – do`stlik, tenglik, tinchlik hamda turli millat va madaniyatlarni hurmat qilishni targ`ib qilishdan iborat.

Bu yilgi tanlov natijasiga ko`ra “Bunyodkor” akademiyasi tarbiyalanuvchisi Muslimbek Abdumanoppov o`z jamoasida darvozabon bo`ladi va yurtimiz sharafini himoya qiladi. Shuningdek, O`zbekiston nomidan loyihada yosh jurnalist Mardon Marupov ishtirok etadi.

Ijtimoiy loyiha doirasida yosh elchilar Toshkentda turli sohalarda mamlakat rivojiga hissa qo`shgan taniqli va mashhur insonlar bilan uchrashishi ko`zda tutilgan. Birinchi uchrashuvni o`zbek futboli afsonasi Azamat Abduraimov bilan o`tkazgan “Futbol do`stlik uchun” loyihasi ishtirokchilari bugun, 16 may kuni taniqli aktyor, futbol sharhlovchisi Alisher Uzoqov bilan ko`rishishdi.

Yosh elchilar Alisher Uzoqovga loyiha haqida ma`lumot berib, uning maqsadi, ularni oldinda nima kutayotgani borasida so`zlab berishdi. Shuningdek, uchrashuv mehmoniga turli savollar bilan murojaat qilishdi. Muslimbek Abdumanoppov va Mardon Marupov bugungi suhbatdoshidan faoliyati, uning yorqin xotiralari, do`stlik va futbolning hayotidagi o`rni haqidagi savollarga javob olishdi.

“Aktyorlar oilasida dunyoga kelganim bois, birinchi marta kinematografga 4 yoshda kirib kelganman. Bundan tashqari, futbolni juda yaxshi ko`raman va maktabda o`qib yurganimdayoq ushbu sport turiga qiziqib kelganman. O`z vaqtida Birinchi ligada – “Istiqlol” jamoasida to`p surganman. Taqdir taqazosi bilan UzReport telekanalida futbol sharhlovchisiga aylandim – bu men uchun o`ziga xos chaqiruv bo`ldi. Shu sababli, O`zbekiston bundan katta loyihada ishtirok etayotganidan va unda mana shunday munosib ishtirokchilar qatnashayotganidan mamnunman. Futbol va do`stlik – bir-biriga yaqin yuradi. Sizlarga loyihaning Moskvada bo`lib o`tadigan final bosqichida omad va muvaffaqiyat yor bo`lishini tilab qolaman. Sizlar buni uddalaysiz va mamlakatimiz sizlardan faxrlanadi”, – dedi Alisher Uzoqov.

Bo`lajak uchrashuvlarni o`tkazishdan asosiy maqsad – do`stlik, tenglik, adolat, salomatlik, sadoqat, g`alaba va an`ana kabi qadriyatlarni targ`ib qilishdan iborat. Yosh elichlarni oldinda yanada qiziqarli uchrashuvlar kutmoqda.

mib
cola
apex
bmb