Samvel Babayan: Uchta frontda o‘ynash biroz og‘irlik qildi

Coca-Cola Superliga 26-turidan o‘rin olgan Navbahor – Neftchi (1:1) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Samvel Babayan o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

“Bugun Neftchi bilan printsipial o‘yin bo‘ldi. Bu vodiy derbisi edi. Futbolchilarimga minnatdorchilik bildiraman. Bunday tig‘iz taqvimda o‘ynash oson emas. Chempionlar ligasida maksimal darajada harakat qilishyapti. Haqiqiy vatanparvarlik ko‘rsatishdi. Jismoniy, ruhiy va o‘yinga tayyorgarlikni futbolchilar yaxshi darajada olib bordilar. Har bir uchrashuvga jiddiy tayyorlanishyapti va bugungi o‘yinga ham. To‘g‘ri, biz bugun yutmadik. Durang ham yomon natija emas. Jamoada xarakter bor. Birinchi taymda mag‘lubiyatga uchrayotib ikkinchi taymda vaziyatni o‘zgartirib, nazoratni o‘z qo‘liga olgan yigitlarimga minnatdorchiligimni bildiraman. Shu o‘rinda jamoamiz ishqibozlariga ham alohida rahmat. O‘z vaqtida sabr qilib, bizga muxlislik qilishgani uchun juda mamnunman. Osiyo Chempionlar ligasi doirasida yana bitta o‘yinimiz bor. Shundan so‘ng mavsum yakunlari haqida to‘xtalsak bo‘ladi. Nima o‘xshadiyu, nima o‘xshamaganini yil yakunida tahlil qilsak bo‘ladi.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, zaxiramizda asosiy tarkibning faqat ikkita o‘yinchisi bor edi, xolos. Bular – Azimov va Sobirjonov. Qolganlar esa yosh futbolchilar. Ular esa bunday yuqori saviyadagi o‘yinlarga tayyor emaslar. Zaxiramiz chegaralanib qolganligini ham aytib o‘tish kerak. Uchta frontda jang qilish biroz og‘irlik ham qildi. Tan olaman, bizga oxirida tajribali futbolchilar yetishmay qoldi. Jamoani kuchaytiradigan, o‘z qo‘liga oladigan yigitlar kamlik qildi. Bugun Oston O‘runov jarohati bilan o‘ynadi. Yechinish xonasida u hatto yura olmay qoldi. Muxlislar bizni qo‘llab turishdi. Ularning oldida mag‘lubiyatga uchramasligimiz ham kerak edi. Raqib Kubokdan chiqib ketgan, xalqaro maydonda o‘ynamaydi va shu sababli bizdan ko‘ra ancha ko‘proq dam olgan. Lekin biz Neftchi’dan oldinda bo‘lishimiz kerak edi va buni uddaladik. Futbolchilarimizga chuqur minnatdorchiligimni bildiraman. Muxlislarimiz esa bu jamoamizdan har qancha faxrlansa arziydi. Ular Navbahor’ning yangi tarixini yaratishmoqda. O‘ylaymanki, xalqaro maydonlarda ham uzoqqa bora olamiz. Ishqibozlarimizni xursand qilish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz.

Viktor Jalilov iqtidorlarni topish bo‘yicha ko‘p ishlarni amalga oshirdi. Akademiyamiz raisi G‘anisher Ismoilov tasdiqlaydi. U bilan ancha ishlarni amalga oshirdik. Hududlarga borib 10-11 yoshli iqtidorlarni qidirib topish bo‘yicha bir qator samarali ishlarni amalga oshirdik. Albatta, bu kelajakda o‘z mevasini beradi. Mo‘minovni jarohati bor va u Hindistonda davolanib keladi. Yana boshqa iqtidorli mahalliy yoshlar ham bor. Ular Navbahor’ning kelajagini ta’minlab berishadi. O‘z o‘rnida ta’kidlashim kerakki, yoshlarga berilayotgan e’tibor sababli yaqinda Indoneziyadagi o‘smirlar o‘rtasidagi mundialda 4 nafar Navbahor tarbiyalanuvchilari bor edi. Asosiy ishlarimizdan biri Namanganda bolalar futboliga e’tiborni kuchaytirish, yangi iqtidorlarni topishdan iborat hisoblanadi. Har kuni iste’dodlarni izlab topishimiz kerak. Navbahor’da yanada iqtidorli mahalliy futbolchilar to‘p suradi, deb ayta olaman. Klub kelajagi haqida gapiradigan bo‘lsam, kelgusidagi rejalar xususida viloyat hokimi bilan gaplashganimizda asosiy e’tiborni mahalliy yoshlarga qaratishimiz kerakligini alohida aytib o‘tdi. Kelgusi mavsumda asosan mahalliy yoshlarga e’tiborni qaratamiz. Biz kerak bo‘lsa, butun O‘zbekiston bo‘yicha iqtidorlarni izlab topamiz va ularni rivojlantirish, o‘sishi uchun barcha imkoniyatlarimizni ishga solamiz. Terma jamoalarimizga Navbahor qator ajoyib o‘yinchilarni qetishtirib beryapti. Shu bois bemalol ayta olamanki, jamoamiz o‘yinchilari har tomonlama rivojlanyapti. Keyingi mavumda jamoamizni yoshartiramiz.

Mumbay Siti yaxshi shakllangan. Ularga qarshi ilk uchrashuv qanday qiyin bo‘lganligini hamma ko‘rdi. Oxirgi turda Eronda to‘liq tarkib bilan o‘ynashmadi. Bizga qarshi barcha legionerlari maydonga tushadi. Shu sababli ancha jiddiy o‘yin bo‘ladi. Bizda yo‘qotishlar bor. Masalan, Filip asosiy futbolchimiz. Safarga bormaydi, Yo‘ldoshev ham biz bilan ketmaydi. Uni qizil kartochkasi bor. Mo‘minovni jarohati bor. Bizda yo‘qotishlar ancha ko‘p. Og‘ir bo‘ladi. Nafaqat namanganlik, balki yurtimizdagi barcha ishqibozlar bizga muxlislik qilishadi, deb o‘ylayman. Mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilishga harakat qilamiz”, – dedi Babayan.

cola
apex
mib
mib
mib
mib