Ro‘ziqul Berdiyev: Nasaf tarixidagi eng yaxshi mavsumni o‘tkazdik

Coca-Cola Superliga 26-turidan o‘rin olgan OKMK – Nasaf (1:1) uchrashuvidan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

“Bugungi o‘yin jangovor tarzda o‘tdi. Ikki jamoa ham g‘alaba uchun maydonga tushdi. OKMK ham, biz ham 3 ochkoga loyiq uchrashuv namoyish etdik. Bizda ham ko‘p vaziyatlar bo‘ldi.

Vodiydagi derbida ham durang natija qayd etilibdi. Kumush medal uchun biz munosib edik, deb o‘ylayman. Bugun ham natija uchun harakat qilgandik. Ammo qiyin bo‘lishi aniq edi.

Ko‘p bahslarda rotatsiya qilishga majburmiz. Sababi, oldinda bizni muhim bellashuv kutmoqda. Shunday ekan, tarkibda yo‘qotish bo‘lmasligi uchun asosiy tarkibda o‘zgarishlar qilib turishimiz lozim. Asosan markaz va hujum chizig‘ida rotatsiya qilamiz. Chunki shu pozitsiyalarda o‘zgarish qilishga imkonimiz bor.

Vitse-chempionlik, Kubok va Superkubok qo‘lga kiritilishi – Nasaf tarixida hali sodir bo‘lmagan. Buni takrorlash ham qiyin bo‘ladi. Shu tufayli, men ishonch bilan ayta olamanki, bu mavsum biz uchun eng yaxshisi bo‘ldi.

Chempionlik poygasida oxirigacha qatnasha olmaganimizning bir qancha sabablari bor. Birinchidan, ayrim muhim o‘yinchilarimizni yo‘qotdik. Yana ba’zi legionerlar transferida omadsizlikka uchradik. Qolaversa, barqarorlik, mahorat yetishmasligi kabi holatlar ham maksimal ijobiy natija qayd etilmaganiga sabab bo‘ldi.

Joriy mavsum Nasaf’ga 5 ballik tizimda 5 baho qo‘ya olaman. Negaligini yuqorida aytib o‘tdim”, – dedi Berdiyev.

cola
apex
mib
mib
mib
mib