Qarzdorligi mavjud bo‘lgan klublar yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazmaydi

O‘zPFL Ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishida qarzdorligi mavjud bo‘lgan futbol klublari masalasi ham kun tartibiga qo‘yildi. Bu borada tashkilot yaqinlashib kelayotgan yozgi transfer oynasi vaqtida ayrim choralarni ishga solish taklifini berdi va mazkur masala bir ovozdan tasdiqlandi.

O‘zbekistonda futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishning yozgi davri 4-30-iyul sanalariga to‘g‘ri keladi. Ayni vaqtda Coca-cola Superliga hamda Pro liga klublari o‘z safiga yangi futbolchilarni qo‘shib olishga tayyorgarlik ko‘rayotgani sir emas. Biroq bunda litsenziyalashning eng birinchi talabini unutmaslik kerak bo‘ladi. Bugungi kunda ayollar va futzal jamoalaridan, shuningdek, futbolchilar va boshqa ishchi-xodimlar oldida, transferlar masalasida boshqa klublardan qarzdorligi mavjud jamoalar bor. Shundan kelib chiqib, O‘zPFL yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish oldidan mazkur masalani birinchi planga olib chiqadi. Tegishli masala bo‘yicha tasdiqlangan buxgalteriya hisob-kitobi taqdim etilgandan so‘ng ro‘yxatdan o‘tkazish davrida yangi operatsiyalarni amalga oshirish uchun ruxsat etiladi.

Bunda yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish yoki o‘tkaza olmaslik masalasi klublarning o‘z qo‘lida ekanligini to‘g‘ri talqin qilish lozim. Agar jamoa 15-iyulga qadar mavjud qarzdorlikni to‘liq bartaraf etmasa, klub yangi operatsiyani amalga oshira olmaydi. Bu borada O‘zPFL hech qanday kafolat xatlarini qabul qilmaydi. Agar klub mavjud jamoalari, ishchi-xodimlari bilan hisob-kitobni belgilangan tartibda amalga oshirayotgan bo‘lsa va to‘lovning kechikish davri faqatgina iyun oyi bilan bog‘liq bo‘lsa, buxgalteriya tahlilidan kelib chiqib, mazkur klublarga istisno tariqasida ro‘yxatdan o‘tkazish davrida harakatlanishga ruxsat berilishi mumkin. Qolgan barcha holatlarda futbol klublari o‘z tizimidagi ishchi-xodimlar hamda boshqa klublar oldidagi majburiyatlarini bajargan bo‘lishlari talab etiladi.   

Mazkur masala yuzasidan O‘zPFL Futbolchilar uyushmasini ham xabardor qiladi hamda futbolchilar yangi klub bilan shartnoma imzolash oldidan mazkur klub haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lishlari masalasini ilgari suradi.

mib
cola
apex
bmb