Bahodir Ahmedov Farg‘onada mahorat darsi o‘tkazdi

Bilasiz, ayni kunlarda Farg‘onada futzal bo‘yicha Oliy liga 2021/22 mavsumi 1-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zPFLning yurtimizda futzal geografiyasini kengaytirish maqsadida Farg‘ona viloyati hokimligi bilan yaqindan ish olib borgani samarasi o‘laroq Farg‘ona shahridagi “Samo” sport majmuasi bugungi kunda bemalol milliy va xalqaro miqyosda futzal uchrashuvlarini qabul qilishga tayyor holatga keltirildi. Shu sababli futzal bo‘yicha mamlakat chempionati ilk tur uchrashuvlari ham Farg‘onada bo‘lib o‘tmoqda.

Oliy liga bahslarini muxlislar qatori Farg‘ona shahridagi 1-BO‘SM futzal tarbiyalanuvchilari ham katta ishtiyoq bilan kuzatib borishmoqda. O‘zPFL tashabbusi bilan futzal bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi va “HUAXIN Jizzax” klubi bosh murabbiyi Bahodir Ahmedov bugun farg‘onalik yosh futzalchilar uchun mahorat darsi o‘tkazdi.

“Samo” arenasida Bahodir Ahmedov 2004-yilda tug‘ilgan yosh futzalchilar bilan birgalikda mashg‘ulotlar olib borib, ularga o‘yinning sir-asrorlari bilan bo‘lishdi. Tajribali mutaxassis ushbu yoshlarning kelajakda katta futzalchi bo‘lib yetishishi uchun o‘z maslahat va tavsiyalarini berdi. Qolaversa, BO‘SMda faoliyat olib borayotgan futzal murabbiylari ham milliy terma ustozidan kerakli tavsiyalarni olishdi.

“Avvalo Farg‘onada futzal bayrami tashkil etilayotganidan, buyerda mamlakat chempionati ancha yuqori darajada bo‘lib o‘tayotganidan, qolaversa endilikda Farg‘onada ham futzal bo‘yicha katta musobaqalar o‘tkazish imkoniyati yuzaga kelganidan juda ham xursandligimni aytib o‘tmoqchiman. Bugun yosh futzalchilar bilan mahorat darsi o‘tkazdik. Ularning harakatlarini ko‘rib juda ham quvondim. Meni eng xursand qilgan jihat – yosh futzalchilarga ham alohida e’tibor berilayotgani bo‘ldi. Shuningdek, farg‘onalik yosh murabbiylar bilan ham fikr-mulohaza almashdik. Yosh futzalchilarda ishtiyoq juda ham yuqori ekanini ko‘rdim. Kelajakda ulardan yetuk futzalchilar chiqishiga ishonaman”, - deya o‘z fikrlarini bildirdi Bahodir Ahmedov. 

mib
cola
apex
bmb