Biologik yoshini sun’iy kichraytirgan futbolchilar ishi prokuraturaga oshiriladi

O‘zbekiston Professional futbol ligasi 28-sentyabr kuni Superliganing ikki klubi biologik yoshini sun’iy kichraytirgan uch futbolchini ro‘yxatdan o‘tkazgani haqida ma’lumot bergan, biroq klublar nomini ochiqlamagan edi.

Holat aniqlangach, “Nasaf” va So‘g‘diyona” futbol klublariga futbolchilarning hujjatlarini uning haqiqiy tug‘ilgan yili bo‘yicha rasmiylashtirish harakatini boshlash va bu holat qonun doirasida hal etilishini ta’minlash uchun 20-oktyabrga qadar muhlat berildi. Shuningdek, uch futbolchi litsenziyalari qaytarib olindi.

Xat yuborilgan kunning ertasiga, ya’ni, 29-sentyabr kuni “Nasaf” futbol klubi javob xati taqdim etdi va unda yuqoridagi ikki nafar futbolchi bilan tuzilgan shartnomalar bekor qilingani hamda jamoadan chetlashtirilgani ma’lum qilindi.

“So‘g‘diyona” futbol klubi esa 6-oktyabr kuni javob xati taqdim etdi. Unda futbolchining hujjati shu yilning 30-sentyabr kuni haqiqiy tug‘ilgan yili bo‘yicha belgilangan tartibda rasmiylashtirilgani ma’lum qilingan hamda hujjat nusxasi ilova qilingan.  

O‘zPFL “Nasaf” futbol klubining qarorini qo‘llab-quvvatlaydi, zero karyerasini g‘irrom yo‘l bilan boshlaydigan futbolchilar va ularning ota-onalari keyinchalik boshqa illatlarga ham aralashmasliklariga hech kim kafolat bermaydi. Garchi ikki futbolchi klubdan chetlashtirilgan bo‘lsa-da, ularda boshqa klublar safida ham haqiqiy tug‘ilgan yili bo‘yicha rasmiylashtirilmagan hujjat bilan harakat qilish imkoniyati mavjud ekanidan kelib chiqib, O‘zPFL mazkur futbolchilar ishini qonuniy baho berish uchun tegishli viloyat prokuraturaga oshiradi.

“So‘g‘diyona” futbol klubi tomonidan taqdim etilgan javob xatida esa O‘zPFL talabi qanoatlantirilgan hamda futbolchi kechikib bo‘lsa-da o‘z hujjatini haqiqiy tug‘ilgan yili bo‘yicha to‘g‘ri rasmiylashtirgan. Mazkur qonun buzilish holatiga vakolatli organ tomonidan huquqiy baho beriladi.  

Eslatib o‘tamiz, 2020-yildan e’tiboran o‘zining ilk mehnat shartnomasini imzolagan va mazkur shartnomani O‘zPFL ro‘yxatidan o‘tkazgan futbolchilar ro‘yxati yilda ikki marta — transfer oynalari yakunida rasman e’lon qilinmoqda. Keyinchalik mazkur futbolchilar hujjatlari alohida tekshiruv asosida o‘rganiladi. Shunday ekan, biz futbolchilar va ularni qing‘ir yo‘lga boshlayotgan ota-onalarni yana ogohlantiramiz: qonunlarni hurmat qiling va futbolchi bo‘lishdek yaxshi orzu yo‘lidagi ilk qadamlarni g‘irromlikdan boshlashga urunmang.

mib
cola
apex
bmb