Bugun Pro liga II-bosqichiga jonli efirda qur’a tashlanadi

Xabaringiz bor, 12-sentyabr kuni Pro ligada 18-tur uchrashuvlari o‘tkazildi. Ayni vaqtga kelib Coca-Cola Superliga yo‘llanmasi uchun kurashuvchi 4 ta jamoa alohida ajralib chiqdi. Bular – “Neftchi”, “Dinamo”, “Buxoro” va “Olimpik”. Shuningdek, “Xorazm”, “Yangier”, “Aral Samali” hamda “Sho‘rtan” jamoalarining quyi to‘rtlikdan joy olishi oydinlashdi.

“2021-yilgi mavsumda O‘zbekiston Professional futbol ligasi tomonidan o‘tkaziladigan musobaqalar Reglamenti”ga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarda ko‘rsatib o‘tilganidek, 18-turdan so‘ng jadval teng ikki qismga bo‘linadi (ikki klub musobaqani muddatidan avval tark etgani inobatga olingan holda). Bunda yuqori to‘rtlik, ya’ni “A” kvarteti Coca-Cola Superliga yo‘llanmasi uchun kurashni davom ettiradi hamda har bir klub o‘zaro yana 3 ta uy va 3 ta safar — jami 6 ta uchrashuvda maydonga tushadi. O‘z navbatida quyi to‘rtlik, ya’ni “B” kvartetidan o‘rin egallagan har bir klub ham o‘zaro xuddi shu tartibda jami 6 ta uchrashuvda maydonga tushadi.

Bugun Futbol TV studiyasida Pro liga II-bosqichiga qur’a tashlanadi. Qur’a tashlash jarayonini soat 19:20dan boshlab jonli efirda tomosha qilish mumkin bo‘ladi.

Pro liganing mavsum oxiriga qadar bo‘lgan taqvimi bilan quyidagi havola orqali tanishib olishingiz mumkin. II-bosqichi o‘yinlari ketma-ketligi esa ertaga umumlashtirilgan holda O‘zPFL rasmiy saytida e’lon qilinadi. 

 

mib
cola
apex
bmb