Birinchi liga 11-turida o‘zgarishlar bo‘ldi

19-20 iyun kunlari Birinchi liga 11-tur uchrashuvlari o‘tkazilishi belgilangan. Mazkur tur doirasidagi shanba kungi uchrashuvlar o‘z vaqtida bo‘lib o‘tadi, yakshanba kungi 3 ta bellashuv esa turli sabablar tufayli qoldirilgan. 

“Jomboy” — “Chig‘atoy” uchrashuvi O‘zbekiston U-18 terma jamoasi yig‘ini sabab qoldirildi. Uchrashuvning aniq sanasi keyinroq ma’lum qilinadi. O‘zbekiston U-18 termasi bosh murabbiyi Misr mezbonligida o‘tadigan Arab kubogi musobaqasi uchun “Chig‘atoy”ning 5 nafar futbolchisini yig‘inga jalb qilgan. “2021 yilgi mavsumda O‘zbekiston Professional futbol ligasi tomonidan o‘tkaziladigan musobaqalar reglamenti”ning 8.6-bandida milliy va olimpiya termasiga 3 yoki undan ortiq futbolchisini bergan klubning o‘yinni ko‘chirishni so‘rab murojaat qilishga haqli ekani bayon qilingan. Garchi Arab kubogida bu terma jamoalar ishtirok etmayotgan bo‘lsa-da, “Chig‘atoy” klubining 5 asosiy tarkib futbolchisini terma yig‘iniga etkazib berayotgani tahsinga loyiq. Shundan kelib chiqib, uchrashuv sanasi o‘zgartirildi.  
 
“Navbahor-farm” — “Lochin” o‘yini esa mezbonlarning stadion bilan bog‘liq muammosi sabab 23 iyun kuniga ko‘chirildi. 20 iyun kuni “Navbahor” asosiy tarkibi Superliga doirasida maydonga tushadi. Klub mashg‘ulotlarni qo‘shimcha maydonda olib boradi va bu maydonda, shuningdek, U-21 jamoasi ham uy uchrashuvlarini o‘tkazadi. “Navbahor-W” ayollar jamoasi ham aynan mana shu stadiondan foydalanadi. Maysaga zarar etmasligi uchun farm-klub ishtirokidagi uchrashuv uch kun keyin bo‘lib o‘tadi. 

“Zomin” — “Rubin” uchrashuvi O‘zPFL tomonidan bekor qilindi. Reglamentning 8.8-bandiga ko‘ra, Musobaqa uchrashuvlariga ikki bor uzrsiz sabablarga ko‘ra etib kela olmagan jamoa ishi O‘zPFL Ijroqo‘miga oshirilishi va shu tariqa klubning musobaqalardan chetlashtirilishi belgilangan. “Rubin”da bunday hol ikki bor takrorlandi. Shundan kelib chiqib, O‘zPFL ishni tashkilot Ijroqo‘miga oshirdi. Qaror tez orada e’lon qilinadi.

mib
cola
apex
bmb