Milliy chempionat va kubok bahslarida tibbiy nazorat hamda karantin qoidalariga jiddiy rioya qilinadi

17-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov Respublika maxsus komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishida 18-apreldan e’tiboran mamlakatimizda koronavirus tufayli joriy etilgan karantin cheklovlari kuchaytirilishi haqida ma’lum qildi.

O‘z navbatida O‘zbekiston Professional futbol ligasi karantin tartibiga amal qilgan holda milliy chempionat va mamlakat kubogi bahslarida tibbiy nazoratga yanada jiddiy e’tibor qaratishga kirishdi.

Xususan, Pro liganing 5-turidan o‘rin olgan “Neftchi” — “Xorazm” uchrashuvidan boshlab stadionga tashrif buyurgan muxlislarning masofa saqlab o‘tirishlari uchun o‘rindiqlar alohida belgilab, ajratib chiqildi.

Shuningdek, hozirda stadionga kirayotgan tomoshabinlarning harorati o‘lchanib, ularning albatta tibbiy niqobda bo‘lishlari talab qilinmoqda.

Bu borada uchrashuvlarni tashkil etishga bevosita mas’ul bo‘lgan O‘zPFL komissarlarining umumiy mas’uliyat va majburiyatlari yanada ortadi. Shu sababli o‘yinoldi va o‘yin kungi tadbirlar davomida uchrashuv ishtirokchilari va muxlislarning karantin qoidalariga to‘liq rioya qilishlarini tashkil etish yuzasidan bugun O‘zPFL uchrashuv komissarlari uchun maxsus seminar o‘tkazildi.

Endilikda barcha musobaqalar doirasidagi o‘yinlarda muxlislarning ijtimoiy masofani saqlashlariga alohida e’tibor qaratiladi. Bu bo‘yicha O‘zPFL komissarlari Sanitariya epidemiologiya xizmati bilan yaqindan hamkorlikda ish olib boradi. O‘yin oldidan har ikki klub vakillari bilan tashkilotchilik masalalari yuzasidan o‘tkaziladigan odatiy yig‘ilishda bundan buyon Sanitariya epidemiologiya xizmati vakili ham albatta ishtirok etadi. 

 

mib
cola
apex
bmb