O‘zbekiston Superkubogi: “Bunyodkor-W” va “Sevinch” jamoalari tayyorgarlikni davom ettirmoqda

Ayollar futboli mavsumi 13 aprel kuni start oladi. Shu kuni o‘tgan mavsum chempioni “Bunyodkor-W”  vitse-chempion “Sevinch” jamoasiga qarshi mamlakat Superkubogi uchun bo‘lib o‘tadigan o‘yinda maydonga tushadi. Ettinchi marotaba tashkillashtirilayotgan mazkur bahsga Olmaliq shahrining OKMK sport majmuasi mezbonlik qiladi. O‘yin soat 16:30da start oladi.

Olti mavsum davomida o‘tkazilgan Superkubok o‘yinida eng ko‘p maydonga tushish “Sevinch” jamoasiga nasib etmoqda. Qarshiliklar olti Superkubokning beshtasida to‘p surgan. Bu ko‘rsatkich “Metallurg-W”da to‘rtta, “Bunyodkor-W”da esa uchta. E’tiborli jihati, olti bor tashkil etilgan mazkur o‘yinda faqat shu uchchala jamoa ishtirok etgan. Eng muhimi, bahslarda g‘alaba qozonish ham hozircha uchta jamoa orasida teng taqsimlangan. “Bunyodkor-W” va “Sevinch” jamoalarining bu galgi bahsi mamlakat Superkubogida eng ko‘p zafar quchgan jamoa nomini aniqlab beradi.

Uchrashuv oldidan har ikkala jamoaning tajribali o‘yinchilari fikrlari bilan qiziqdik.

- Men va jamoadoshlarim mavsumning ilk rasmiy o‘yiniga ham jismonan, ham ruhan tayyormiz. Ayni paytda jamoamizning bir qator mahoratli vakillari terma jamoa yig‘inida ishtirok etyapmiz. Bu esa tayyorgarlik jihatdan bizga yanada ko‘proq imkon beradi. O‘tgan mavsumda birorta ham bosh sovrinni qo‘lga kirita olmadik – na Superkubok, na chempionlik va na Kubok. Bu degani “Sevinch”ning zafarli onlari nihoyasiga etdi degani emas. Nimalarga qodir ekanligimizni isbotlashga tayyormiz, – deydi “Sevinch” jamoasi a’zosi Maftuna Shoyimova.

- Yangi mavsumga tayyorgarlik ishlari uzoq davom etdi. Uch oydan beri mashg‘ulotlarni o‘tkazyapmiz. O‘rtoqlik uchrashuvlarni inobatga olmaganda rasmiy musobaqani sog‘indik. Olmaliqqa ko‘tarinki kayfiyatda yo‘l olamiz va albatta, ortga Superkubok bilan qaytamoqchimiz. Ayni paytdagi yagona maqsad va rejamiz shu. Uchinchi bor Superkubokni qo‘lga kiritishimiz bo‘lajak chempionatda bizga ishonch taqdim etadi. To‘g‘ri, jamoamizni bir qator tajribali futbolchilar tark etishdi, ammo bu bilan kuchsizlanib qolganimiz yo‘q. Yoshlarga o‘zlarini ko‘rsatish, asosiy tarkib futbolchisi degan nom olishlari uchun imkon tug‘ildi. Superkubokdagi yutug‘imiz butun mavsumdagi muvaffaqiyatlarimizning debochasi bo‘lishiga ishonaman, – “Bunyodkor-W” jamoasi futbolchisi Umida Zoirova fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Superkubogi uchun bahs 13 aprel, seshanba kuni bo‘lib o‘tadi va 16:30da boshlanadi.

mib
cola
apex
bmb