O‘zbekiston Coca-Cola kubogi. Saralashda 5 ta gol urgan Muhammad Odilov haqida

Kecha O‘zbekiston Coca-Cola kubogi ikkinchi saralash bosqichi uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi hamda “Zomin” va “Rubin” keyingi bosqich masalasini hal etdi.

Avvaliga “Lochin”ni 6:0, keyin “Chig‘atoy”ni 3:1 hisoblarida mag‘lub etgan “Zomin” hujumchisi Muhammad Odilov hozircha hafta qahramoni. U ilk uchrashuvda 2 ta, keyingisida esa 3 ta gol urib, barchaning diqqatini o‘ziga tortdi.  

“Futboldagi ilk ustozim dadam bo‘lgan. Oddiy mahalladagi o‘yinlarimni ko‘rib, “Qizilqum” selektsionerlari klubga taklif etgan. 2012-yildan boshlab “Qizilqum” futbol maktabida o‘ynashni boshladim”, — deydi Odilov O‘zPFL media bo‘limi bilan suhbatda.  

Muhammad Odilov 1997-yil 29-iyunda Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida tug‘ilgan. U o‘zining ilk professional shartnomasini 2018-yil “Qizilqum” jamoasi bilan tuzgan. Uch mavsum davomida “Qizilqum” yoshlari safida to‘p surdi. 2021-yilga kelib esa Muhammad “Zomin” klubi bilan 2 yillik shartnomaga imzo chekdi.

“Qizilqum”da yoshlar jamoasida o‘ynardim. Klub qolishimni istadi. Ammo o‘zim zaxira o‘yinchisiga aylanib qolishdan qo‘rqdim. Men asosiy tarkibda maydonga tushib, barqaror o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishni istardim. “Zomin”da sharoitlar a’lo darajada. Maqsadimiz bu mavsum Birinchi liga g‘olibi bo‘lib, Pro ligaga qaytish”, — deb so‘zida davom etdi futbolchi.

“Zomin” Birinchi liganing ilk turini Namanganda “Paxtakor-79” jamoasiga qarshi o‘tkazadi. O‘zbekiston Coca-Cola kubogining navbatdagi o‘yinida esa Toshkentning “Rubin” jamoasiga qarshi saf tortadi.

mib
cola
apex
bmb