O‘zPFL Coca-Cola Superliga uchrashuvlari tahlili bo‘yicha manfaatli yangi loyihani ishga tushirdi

2020-yilgi mavsumda O‘zbekiston Professional futbol ligasi Superliga uchrashuvlari hamda futbolchilarining o‘yinlari bo‘yicha chuqurlashtirilgan statistik ma’lumotlarni olish uchun sport analitikasi bilan shug‘ullanuvchi InStat kompaniyasi bilan hamkorlik qilgandi. Ushbu hamkorlik doirasida Coca-Cola Superliga klublari o‘z o‘yinlari hamda futbolchilarining chuqurlashtirilgan statistik malumotlarni O‘zPFL tomonidan bepul olish imkoniyatiga ega bo‘lgandi.

Bu yildan boshlab O‘zPFL statistik ma’lumotlar va o‘yinlar tahlili bilan shug‘ullanuvchi mahalliy mutaxassislar bilan hamkorlik boshladi. Endilikda Coca-Cola Superliga o‘yinlarining batafsil tahlili, futbolchilarning maydondagi harakatlari, ularning jismoniy faolligi, foydalilik ko‘rsatkichlari, raqib bilan yakkakurashlardagi ustunligi borasida analitik materiallar o‘zimizning mutaxassislar tomonidan tayyorlanadi. Shuningdek, har bir uchrashuvdan videotahlil amalga oshiriladi. 

O‘tgan yilda bo‘lgani kabi Superliga klublari o‘z o‘yinlari hamda futbolchilarining chuqurlashtirilgan statistik malumotlarini bepul qabul qilib oladi. Bundagi barcha harajatlar O‘zPFL tomonidan qoplanadi. Endilikda Rossiya yoki boshqa xorijiy kompaniyalar bilan qimmat shartnomalar imzolash hojati bo‘lmaydi. 

O‘zPFL mazkur ishni fevral oyida boshlagan bo‘lib, mart oyi davomida uni sinovdan o‘tkazdi. Rejaga ko‘ra, bu borada 2020-yilgi harajatlar 2021-yildan boshlab 40 foizgacha qisqaradi. Shuningdek, o‘zimizning mutaxassislar uchun qo‘shimcha xizmat ta’riflari yaratiladi. Yaqin kelajakda aynan shu sohaga ixtisoslashgan mutaxassislar ko‘lamining kengayishi uchun zamin yaratiladi.

Ma’lumot uchun, futbol uchrashuvlarining chuqur va keng tahlili murabbiylar uchun jamoaning kuchli va biroz oqsayotgan jihatlarini yaqqol bilib olish, har bir raqibga nisbatan alohida taktika tuzish, o‘yinchilarning ustun va kamchilik jihatlarini aniqlash hamda ularni bartaraf etish ishlarida katta ko‘mak beradi. 

mib
cola
apex
bmb