Yilning eng yaxshilari aniqlandi

Bugun poytaxtimizdagi “Zarafshon” kontsert zalida O‘FAning yillik hisobot Kongressi va yilning eng yaxshilarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda funktsionerlar, murabbiylar va futbolchilar, nuroniylar – umuman o‘zbek futboli namoyondalari jam bo‘lishdi. Jami 21 ta nominatsiya bo‘yicha yilning eng yaxshilari aniqlandi.

- O‘zbek futboli nuroniysi - Evgeniy Valitskiy

O‘FA Faxriylar kengashi a’zosi, o‘tmishning yorqin yulduzi Evgeniy Valitskiy “O‘zbek futboli nuroniysi” sovrini bilan taqdirlanadi Evgeniy Borisovich ko‘p yillar davomida O‘zbekistonda malakali futbolchi va murabbiylarni tarbiyalanishida o‘zining munosib hissasini qo‘shib keldi.


- Eng yaxshi yoshlar murabbiyi - Zayniddin Tojiev

Bolalar va o‘smirlar futboli bo‘yicha 2020 yilning sovrindor murabbiyi Zayniddin Tojiev “Eng yaxshi yoshlar murabbiyi” sovrini bilan taqdirlandi. Zayniddin Tojiev “Odil Ahmedov” akademiyasi jamoasining bosh murabbiyi sifatida U12 va U13 Toshkent shahar chempionligini hamda Toshkent terma jamoasi bilan O‘zbekiston kubogi va O‘FA Super Kubogi bosh sovrinini qo‘lga kiritdi.


- Coca Cola Superligasining eng yaxshi yosh futbolchisi - Abduvohid Ne’matov ("Nasaf")

O‘zbekiston Milliy terma jamoasida yoshlarga berilayotgan imkoniyat o‘z samarasini bera boshladi. Bir yo‘la uch nafar 2001 yilda tavallud topgan futbolchilar MTJda debyut o‘yinini o‘tkazdilar. Bular Hojimat Erkinov, Ibrohimhalil Yo‘ldoshev va Abduvohid Ne’matov. Ular orasida Superliga o‘yinlarini to‘liq o‘tkazgan “Nasaf” klubi darvozaboni Abduvohid Ne’matov “Eng yaxshi yosh futbolchi” nomiga sazovor bo‘ldi.


- Samarali hamkorlik - Coca Cola, Apex Insurance, Sport TV, UzReport TV

2020 yilgi mavsum davomida O‘zbekiston Superligasi va Pro Liga uchrashuvlarini tashkil etishda samarali hamkorlik uchun Coca Cola kompaniyasi, Apex Insurance sug‘urta kompaniyasi, Sport hamda UzReport telekanallaritaqdirlandi.


- Maxsus sovrin - FK Turon (Yaypan)

2020 yilning kashfiyot klubi, ketma-ket 3 mavsumda o‘zi ishtirok etgan chempionatlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan, 2021 yilgi O‘zbekiston Superligasiga yo‘llanmasiga ega chiqqan Yaypanning “Turon” jamoasi Maxsus sovrin bilan taqdirlandi.


- Pro liganing eng yaxshi futbolchisi

2020 yilgi Pro Liga bellashuvlarida munosib o‘yin namoyish etgan futbolchilar ko‘p bo‘ldi. Ular orasida Abdulazizxon Abdurashidov, Jasur Xolto‘raev va Otabek Zokirov o‘z o‘yinlari bilan alohida ajralib turishdi. O‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra “Turon” klubi hujumchisi Abdulazizxon Abdurashidov “Pro Liganing eng yaxshi futbolchisi” sovrini bilan taqdirlandi


- Fidoiylik ramzi - "Paxtakor" fan-klubi

Ikkinchi marotaba ta’sis etilayotgan mazkur sovrinni “Paxtakor” jamoasining O‘zbekiston chempionati va kubogi g‘olibligi hamda OChL bahslaridagi munosib ishtirokida o‘z hissasini qo‘shgan “Paxtakor” muxlislar klubiga Fidoiylik ramzi topshirildi.


- Muxlislar mehri - "Nasaf" (Qarshi)

Yosh iste’dodlarni kashf etishda davom etayotgan Qashqadaryo viloyatining “Nasaf” klubi joriy mavsum Superliganing kumush medallari sohibiga aylandi va Muxlislar mehri sovriniga sazovor bo‘ldi.


- Yilning eng yaxshi hakami - Ahrol Riskullaev

Yil davomida bo‘lib o‘tgan murosasiz uchrashuvlarda adolat bilan yakuniy qarorlarni qabul qilishi bilan mutaxassislar e’tirofini qozongan Ahrol Riskullaev yilning eng yaxshi hakami deb topildi.

- O‘zbekiston chempionatining eng yaxshi futzalchisi - Akbar Usmonov ("Paxtakor")

Futzal bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida munosib o‘yin namoyish etgan Isoxon Ibragimov, Husniddin Nishonov va Akbar Usmonov yakuniy nomzodlar uchligidan o‘rin oldi. O‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra “Paxtakor” klubi futzalchisi Akbar Usmonov O‘zbekiston chempionatining eng yaxshi futzalchisi deb e’lon qilindi.


- Eng yaxshi futbol jurnalisti - Zuxriddin Qilichev

Yil davomida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda O‘zPFL tadbirlarini faol yoritgan yurtimizda futbolning ommaviylik darajasini oshirishda o‘zining munosib hissasini qo‘shayotgan “Sport” telekanali jurnalisti Zuxriddin Qilichev O‘FA talqiniga ko‘ra yilning eng yaxshi jurnalisti deb e’tirof etildi.


- Eng yaxshi hududiy assotsiatsiya - Farg‘ona FA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga muvofiq birinchilardan bo‘lib o‘zining moddiy-texnik bazasiga ega bo‘lgan Nosir Otaqo‘ziev boshqaruvidagi Farg‘ona viloyati futbol assotsiatsiyasi “Eng yaxshi hududiy futbol assotsiatsiya” sovrini bilan taqdirlandi.


- Fair Play sovrini - FK Oq-Tepa (Toshkent)

An’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinadigan halol o‘yin sovrini 2020 yil yakunlariga ko‘ra maydondagi xulqi bilan barchaga na’muna bo‘lgan Pro Liga ishtirokchisi Toshkentning “Oqtepa” jamoasi “Fair Play” sovriniga munosib ko‘rildi.


- Coca Cola Superligasining eng chiroyli goli - Sanjar Tursunov

Superliganing 8-turi doirasida "Qo‘qon-1912"ga qarshi uchrashuvda AGMK jamoasi yarim himoyachisi Sanjar Tursunov tomonidan maydon markazidan kiritilgan gol yilning eng chiroyli goli sifatida e’tirof etildi.


- Jasorat sovrini - Hasan Rahimjonov

O‘zbekiston Birinchi ligasidagi “Paxtakor 2” – “Rubin” uchrashuvida qiyin vaziyatda qolgan mehmonlar jamoasi futbolchisi Husan Hasanovning hayotini saqlab qolganligi uchun “Rubin” shifokori Hasan Rahimjonov “Jasorat” sovrini bilan taqdirlandi.


- Coca Cola Superligasining eng yaxshi to‘purari - Dragan Cheran ("Paxtakor")

"Paxtakor"ning serbiyalik hujumchisi Dragan Cheran qatorasiga ikkinchi yildirki, Superliga to‘purari bo‘lmoqda. U yakuniga etgan mavsumda chempionat doirasida "sherlar" safida 26 bahsda 20 ta to‘p kiritishga erishdi. 


- Coca Cola Superligasi-2020 ramziy terma jamoasi

Darvozabon: Abduvohid Ne’matov ("Nasaf");

Himoyachilar (chapdan o‘ngga): Murod Xolmuhammedov ("Qo‘qon-1912"), Egor Krimets ("Paxtakor"), Farruh Sayfiev ("Paxtakor");

Yarim himoyachilar (chapdan o‘ngga): Nurillo To‘xtasinov ("Bunyodkor"), Marko Stanoevich ("Nasaf"), Dragan Cheran ("Paxtakor"), Murod Toshmatov (AGMK)

Hujumchilar (chapdan o‘ngga): Aziz Turg‘unboev ("Navbahor"), Bobir Abduxoliqov ("Nasaf"), Jaloliddin Masharipov ("Bunyodkor").


- Coca Cola Superligasining eng yaxshi murabbiyi - Shota Arveladze ("Paxtakor")

Shota Arveladze qo‘l ostida "Paxtakor" ishonchli o‘yin namoyish etib, Superligada chempion bo‘ldi. Qolaversa, O‘zbekiston kubogida ham bosh sovringa ega chiqdi. Qatorasiga ikkinchi yil "sherlar"ni chempionlik sari etaklagan gruziyalik mutaxassis esa Superliganing eng yaxshi murabbiyi deb topildi.


- Coca Cola Superligasining eng yaxshi futbolchisi - Jaloliddin Masharipov ("Paxtakor")

Coca Cola Superligasida munosib o‘yin namoyish etgan Jaloliddin Masharipov, Bobir Abduxoliqov  va Igor Sergeev yakuniy nomzodlar uchligidan o‘rin oldi. O‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra “Paxtakor” klubi yarim himoyachisi Jaloliddin Masharipov Coca Cola Superligasining eng yaxshi futbolchisi deb e’lon qilindi.


- O‘zbekiston chempionatining eng yaxshi ayol futbolchisi - Lyudmila Karachik ("Bunyodkor-W")

2020 yilgi Ayollar chempionati davomida jamoasi g‘alabalariga o‘z hissasini qo‘shgan Lyudmila Karachik, Saida Galimova va Diyoraxon Xabibullaeva “Eng yaxshi ayol futbolchi” sovriniga nomzod futbolchilardan iborat yakuniy ro‘yxatdan joy oldi. O‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra “Bunyodkor-W” klubi a’zosi Lyudmila Karachik “Eng yaxshi ayol futbolchi” sovrini bilan taqdirlandi.


- O‘zbekistonning eng yaxshi murabbiyi - Ro‘ziqul Berdiev ("Nasaf")

Vadim Abramov, Mirjalol Qosimov va Ro‘ziqul Berdiev yakuniy uchligini hosil qilgan jurnalistlar o‘rtasidagi o‘tkazilgan so‘rovnoma natijasiga ko‘ra Qarshining “Nasaf” klubi bosh murabbiyi Ro‘ziqul Sagdullaevich 4-bor “O‘zbekistonning eng yaxshi murabbiyi” sovrinini qo‘lga kiritdi.


- O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi - Jaloliddin Masharipov ("Paxtakor")

Eldor Shomurodov, Jaloliddin Masharipov va Oybek Bozorov ishtirokidagi 2020 yildagi “O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi” sovrini uchun kechgan kurashda “Paxtakor” yarimhimoyachisi Jaloliddin Masharipov faoliyatidagi birinchi individual sovriniga ega chiqdi.

mib
cola
apex
bmb