Ayollar chempionatida 2020-yilgi format o‘zgaradi

Pandemiya davri futbol klublari uchun ham og‘ir keldi. Bir qator klublar bosh homiylari smetalarni qisqartirishga majbur bo‘ldi. 

Ayni holatda klublar tejamkor bo‘lish harakatiga tushgan. Bu holat ayollar futboli masalasiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazayotgani O‘zPFL uchun ma’lum. Shundan kelib chiqib, biz ayollar chempionatida o‘z jamoasi bilan ishtirok etayotgan 12 ta klub bilan fikr almashdik. 

Mazkur klublar orasidan “Navbahor” ayollar chempionati uchrashuvlarini I davradan keyinoq yakunlash taklifini berdi. Uch klub — “So‘g‘diyona”, “Lokomotiv”, “Bunyodkor” chempionatni o‘z holida qoldirish va 22 ta tur uchrashuvlarini o‘tkazish istagini ma’lum qildi. 

Ma’lumki, O‘zPFL qoshida tashkil etilgan Komissiya Superliga hamda Pro liga klublari a’zolarinini maxsus ishlab chiqilgan reglament asosida COVID-19 bo‘yicha nazorat qilyapti. Bu bilan biz chempionat uchrashuvlari to‘xtalishlarsiz o‘tishiga erishmoqdamiz. Shuningdek, Toshkentning “Paxtakor” klubi ham Chempionlar ligasida yo‘qotishlarsiz ishtirok etishga erishganida Komissiyaning kichik xizmatlari bor ekani bizni quvontiradi. 

Biroq futbol klublari futzal va ayollar chempionati masalasida bu kabi qat’iy tekshiruvga tayyor emasliklarini ma’lum qilishdi. O‘zPFL bunda O‘FA bilan kelishgan holda ayol futbolchilarni har ikki davra oldidan bir martadan tekshiruvdan o‘tkazish variantini o‘rganib chiqdi. Shuningdek, testlar O‘FA tomonidan klublarga bepul taqdim etiladigan bo‘ldi. 

Shunga qaramay, keyingi turlarda muammolar chiqa boshladi. Oqibatda “Andijanka” futbol klubi bir emas, uch uchrashuvni qo‘yib yuborishga majbur bo‘ldi. Yana bir uchrashuvga besabab bormagani uchun esa texnik mag‘lubiyat yozildi. Endilikda, “Andijanka” futbolchilari qoldirilgan uch uchrashuvni o‘tkazish uchun kamida 10 kun vaqt sarf etishlari kerak bo‘ladi va faqatgina shunda I davra uchrashuvlari yakuniga etadi. II davraning yana 11 ta uchrashuvi uchun esa ixtiyorimizda noyabr va dekabr oylarigina qolmoqda. Bu holat klublarga ham, futbolchi qizlarning o‘ziga ham noqulaylik tug‘diradi. 

Shundan kelib chiqib, I davra uchrashuvlaridan keyin jadvaldagi jamoalar teng ikki qismga bo‘linishi va har bir qism jamoalari o‘zaro yana bir martadan to‘qnash kelishi, bu bilan o‘yinlar sonini 5 taga qisqartirib, 17 ta tur bilan mavsumni yakunlash taklifi ilgari surildi. Taklif 8 ta klub — “Andijanka”, “Paxtakor”, “Buxoro”, “Metallurg”, AGMK, “Surxon”, “Qizilqum” hamda “Sevinch” tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Ammo buning uchun yuqorida qayd etilganidek, “Andijanka” qoldirilgan o‘yinlarini o‘tkazib olishi kerak bo‘ladi. Bu esa bizga dastlabki va keyingi oltilik jamoalarini aniqlab olishga yordam beradi. 

Bu bilan noyabr oyidagi 5 ta uchrashuv bilan chempionat o‘yinlariga yakun yasash imkoniyati paydo bo‘ladi. Biroq bunda o‘yinlar yana qoldirilmasligi masalasi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Har bir jamoa bo‘lajak raqibini I davra o‘z maydonida qabul qilgan bo‘lsa, endilikda uning uyiga safar etadi yoki shuning aksi. Dekabr oyi esa kubok uchrashuvlari uchun atalishi mumkin. Bu borada klublar bilan alohida fikr almashiniladi. 

O‘zPFL shu vaqtga qadar ayol futbolchilar huquqlarini himoya qilib kelmoqda va keyin ham shunday bo‘ladi. Pandemiya davridagi muammolar va ayni holatlarga saytimiz tomonidan atroflicha tushuntirish berilmoqda. Umid qilamizki, vaziyatga to‘g‘ri baho beriladi. 

Qo‘shimcha qilish kerakki, ayollar futbolining quyi ligasida 8 ta jamoa ishtirok etishi rejalashtirilgandi. Ammo ulardan 6 tasi musobaqada ishtirok eta olmasligini ma’lum qildi. Natijada musobaqa 2020 yil uchun bekor qilindi.

mib
cola
apex
bmb