O‘zPFL va O‘zbekiston futbolchilari uyushmasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

Futbolchilar va ularning huquqlarini himoya qilish borasida qator muammolar bor ekani sir emas. Buning oqibatida ligalarda to‘p surayotgan futbolchilar juda ko‘p masalalarda O‘zPFL yoki FIFA manziliga shikoyat qilishga majbur bo‘ladi.

Shu kabi masalalarni tartibga solish maqsadida O‘zPFL O‘zbekiston futbolchilari uyushmasi (O‘FU) bilan 2024 yil so‘ngiga qadar memorandum imzoladi. Bunda konstruktiv va o‘zaro manfaatli munosabatlarni o‘rnatish hamda rivojlantirish, Superliga, Pro liga, Birinchi liga, ayollar futboli va boshqa shu kabi musobaqalarda ishtirok etuvchi futbolchilarning huquq va manfaatlarini hamjihatlikda himoya kilish, futbolchilik faoliyatidan keyingi hayot tarziga to‘g‘ri yunaltirish, mamlakat futboli rivoji uchun yangi malakali kadrlarni tayyorlashga ko‘maklashishni tashkil etish memorandumning asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi.

Endilikda O‘zPFL O‘FUni O‘zbekistondagi professional futbolchilarni birlashtiruvchi yagona vakil sifatida qabul qiladi. Shuningdek, O‘FUni FIFPro (Xalqaro futbolchilar uyushmalari federatsiyasi) uyushmasining O‘zbekistondagi yagona eksklyuziv vakili va hamkori sifatida tan oladi.

“Ko‘p holatlarda futbol klublari tuzilgan shartnomaning bir nusxasini futbolchilarga taqdim etmaydi. Aniqrog‘i, futbolchilarning aksarida o‘z huquqlarini talab qilib olish ko‘nikmasi mavjud emas. Endilikda tomonlar bu masalani tartibga soladi. Ya’ni, O‘FUga a’zo futbolchi so‘roviga ko‘ra, futbolchining mehnat shartnomasi aslidan Nizolarni hal qilish palatasiga ko‘chirma beriladi. Shuningdek, tomonlar futbolchi va futbol klubi o‘rtasidagi mehnat shartnomalarini FIFA talablari asosida tartibga solish hamda minimal talablarga javob beradigan yagona namunaviy shartnomani ishlab chiqish ustida ishlaydi”, — deydi O‘zPFL rahbari Diyor Imomxo‘jaev.

O‘zaro kelishuv asosida ayol futbolchilarning professional shartnomalarini har tomonlama himoya qilgan holda, O‘zbekistonda ayol futbolchilarga bo‘lgan e’tiborni yanada oshirish, shu orqali ayollar futboli mavqesining oshishiga erishish ustida ham ishlanadi.

“Ayrim mamlakatlarda homilador ayollar bilan professional shartnomalarni bekor qilish holatlari uchrayotgani achinarli holat. FIFPro bunday tashabbuslarga qarshi kurashadi. Shuningdek, o‘z huquqini himoya qilishga iymanib, klublarga reglamentga zid harakatlarni amalga oshirish imkonini taqdim etayotgan futbolchilar masalasini tartibga solish yo‘lida mehnat qiladi”, — deb ta’kidladi O‘FU rahbari Kamoliddin Murzoev. 

O‘FU futbolchilar salomatligi yo‘lida antidoping qoidalariga rioya qilish bo‘yicha tushuntirishlar berish, kelishilgan o‘yinlarga qarshi keskin kurashish va ularning salbiy oqibatlari haqida futbolchilarni ogohlantirish, bunday o‘yinlardan xabar topganda O‘zPFLni xabardor qilish, O‘zPFL huzurida amaliy va tashkiliy masalalarda futbolchilarning vakili sifatida ishtirok etish, ularni qo‘llab-quvatlash kabi masalalar bilan shug‘ullanadi.

Kelishuvning yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, Superliga hamda milliy terma jamoa futbolchilarining imidj huquqlaridan oqilona foydalangan holda Xalqaro futbolchilar uyushmalari federatsiyasi bilan hamkorlikda Electronic Arts Sports kompanisining FIFA futbol simulyatori o‘yiniga O‘zbekiston Professional futbol ligasida ro‘yxatdan o‘tgan futbolchilarni jalb qilib, ularni jahonga tanitish masalasi ustida ham ishlanadi.

Endilikda tomonlar O‘zPFL qoshida tarkibida O‘FU, futbol klublari vakillari hamda betaraf yuridik maqomga ega bo‘lgan shaxslarni jamlagan, FIFA talabiga javob beradigan Nizolarni hal qilish palatasi kontseptsiyasini ishlab chiqish va uni bosqichma-bosqich amalga tadbiq qilish masalasida ish olib boradi. Nizolarni hal qilish palatasi a’zolari O‘FA Ijroqo‘mi tomonidan tasdiqlanishi kerak bo‘ladi.

 

mib
cola
apex
bmb