“Qizilqum” futbol klubi rahbariyatidagi o‘zgarishlar bo‘yicha ma’lumot

Shu mavsumda “Qizilqum” futbol klubi prezidenti etib Hasan Ro‘ziev tayinlangani va keyinroq uning ushbu lavozimdan ketgani haqida xabarlar tarqaldi. O‘zbekiston Professional futbol ligasi Hasan Ro‘zievning “Qizilqum” futbol klubiga rahbarlik qilishi bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganib chiqdi.

“Qizilqum” futbol klubi 2013 yil 26 sentyabrda Navoiy viloyati adliya boshqarmasidan muassasa tashkiliy huquqiy shaklidagi nodavlat notijorat tashkilot sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Shuningdek, “Qizilqum” professional futbol klubi 2015 yil 8 iyun kuni Navoiy viloyati adliya boshqarmasidan jamoat birlashmasi tashkiliy huquqiy shakliga o‘zgartirish yo‘li bilan qayta tashkil etilgan.

“Qizilqum” futbol klubi Ustavining (2015 yil 8 iyunda 270-son bilan Navoiy viloyati adliya boshqarmasi tomonidan ro‘yxatga olingan) 6-bo‘limida futbol klubining boshqaruv organlari sifatida Umumiy yig‘ilish, Kengash, klub bosh direktori belgilangan. Joriy yilning 6 mart sanasida Hasan Ro‘ziev “Qizilqum” futbol klubi prezidenti etib tayinlangani e’lon qilingan bo‘lsa-da, futbol klubi Ustavida boshqaruv organlari sifatida klub prezidenti lavozimi qayd etilmagan.

Aniqlanishicha, “Qizilqum” futbol klubi Umumiy yig‘ilishining 2020 yil 6 martdagi qaroriga asosan klub prezidenti lavozimi joriy etilib, ushbu lavozimga Hasan Ro‘ziev tayinlangani rasmiylashtirilgan. Ammo qoidaga ko‘ra, agar futbol klubida prezident lavozimi joriy etilsa, dastlab mazkur lavozim ta’sis etilishi, shuningdek, uning vakolatlari  klubning Ustaviga kiritilib, o‘rnatilgan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak. Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 10 martdagi 57-son qarori bilan tasdiqlangan “Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida” Nizomning 47-bandiga muvofiq nodavlat notijorat tashkiloti rahbar organining yangi tarkibi saylanganda yoki rahbar organi tarkibida o‘zgarishlar yuz berganida — rahbar organlar qarorlarining nusxasi bir oy mobaynida adliya organiga taqdim etilishi kerak.

“Qizilqum” klubi bilan bog‘liq vaziyatda futbol klubi Ustaviga klub prezidenti lavozimi ta’sis etilgani kiritilmagan, qolaversa bu haqda Navoiy viloyati adliya boshqarmasiga belgilangan muddatda xabar berilmagan. Bundan tashqari, futbol klubi Ustavining 6.2-bandiga muvofiq Umumiy yig‘ilish futbol klubi a’zolarining yarmidan ko‘pi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi. Qarorlar yig‘ilishda ishtirok etuvchi a’zolarning ko‘pchilik 2/3 ovozi bilan qabul qilinadi. Umumiy yig‘ilish Kengash qaroriga asosan bir yilda kamida bir marta chaqiriladi. Navbatdan tashqari Umumiy yig‘ilish Kengash qaroriga asosan, Klub bosh direktorining tashabbusi bilan yoki Klubning 1/3 qismidan kam bo‘lmagan a’zolarining yozma talabiga ko‘ra chaqirilishi mumkinligi belgilangan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Qizilqum” futbol klubining 2020 yil 6 martdagi Umumiy yig‘ilishi va uning bayonnomasi belgilangan talablar asosida o‘tkazilmagani hamda rasmiylashtirilmagani oydinlashadi. Natijada ushbu yig‘ilish bayonnomasi futbol klubi Umumiy yig‘ilishining 2020 yil 12 apreldagi qaroriga asosan bekor qilingan.

Demak, bayon etilgan asoslarga ko‘ra, Hasan Ro‘zievning “Qizilqum” futbol klubi prezidenti sifatida faoliyat yuritgani futbol klubi Ustaviga zid va noqonuniy hisoblanadi.

mib
cola
apex
bmb