“Paxtakor” Akram Komilov, Sardor Sobirxo`jaev va Aziz Turg`unboevni OChL-2019 uchun ro`yxatdan o`tkazdi

Bilasiz, kelayotgan mavsumda xalqaro maydonda yurtimiz sharafini 3 jamoa himoya qiladi. 

Mamlakatimiz chempioni – “Lokomotiv” OFK Chempionlar ligasi guruh bosqichidan o`z ishtirokini boshlasa, O`zbekiston vitse-chempioni “Paxtakor” va kubok sohibi AGMK mazkur musobaqaga saralashdan kirishadi. 

Saralash bahslari ancha erta boshlangani boisdan ayni kunlarda AGMK va “Paxtakor” saralash bahslarida qatnashuvchi o`yinchilarini rasmiy ro`yxatdan o`tkazish jarayonini boshladi. Kecha AGMK jamoasi futbolchilarini ro`yxatdan o`tkazgan edi. Bugun “Paxtakor” jamoasi ham yangi mavsum oldidan o`z safiga qo`shib olgan o`yinchilarini ro`yxatdan o`tkazish uchun ariza topshirdi. 

“Paxtakor” jamoasi hozircha 3 nafar yangi o`yinchilarni ro`yxatdan o`tkazdi. Bular – Akram Komilov, Sardor Sobirxo`jaev hamda Aziz Turg`unboev. “Paxtakor” rasmiylari har uchala futbolchi bilan ham tuzilgan shartnomalarni taqdim qildi. PFL endilikda mazkur o`yinchilar ro`yxatini Osiyo Chempionlar ligasi bahslarida qatnashishi uchun OFKga taqdim qiladi. 

Alohida qayd etish joizki, qit`a Chempionlar ligasidan farqli ravishda O`zbekiston Superligasi uchrashuvlarida “Paxtakor” safida maydonga tushishda Sardor Sobirxo`jaevda aslo muammo bo`lmaydi. Lekin “Paxtakor” jamoasi Superligada o`ynash uchun futbolchilarini ro`yxatdan o`tkazadigan payt kelganida hali 23 yoshga to`lmagan Akram Komilov uchun uni tarbiyalagan “Bunyodkor” klubiga pul o`tkazib berilgani to`g`risida ma`lumotnoma taqdim etishi lozim bo`ladi. 

Shuningdek, PFL Aziz Turg`unboevning “Paxtakor” futbolchisi sifatida ro`yxatdan o`tkazilishi jarayonida Toshkent klubi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni o`rganib chiqdi va hozircha ushbu o`yinchining “Paxtakor” safida o`ynashiga to`sqinlik qiluvchi jihat ko`rayotgani yo`q. “Navbahor” klubi esa bunday shartnomani ro`yxatdan o`tkazish uchun taqdim qilmadi. Agar Aziz Turg`unboevning “Navbahor”dan “Paxtakor” safiga ko`chib o`tishida qandaydir qoida buzilishi aniqlansa, unda qoida buzgan taraf (futbolchi yoki ikki klubdan biri) albatta jazolanadi. 

Ta`kidlab o`tamiz, O`zbekiston vitse-chempioni “Paxtakor” OChL-2019 saralashi ikkinchi o`tish bosqichi doirasida 12 fevral kuni o`z maydonida Iroqning “Eyr Fors” jamoasiga qarshi bahs olib boradi.  

mib
cola
apex
bmb