28 oktyabr kuni “Milliy” stadionda La liga elchisi ishtirokida “Ommaviy El-Klassiko” tadbiri bo`lib o`tadi

Bilasiz, joriy yildan boshlab O`zbekiston hamda Ispaniya futbol ligalari o`rtasida yaqindan hamkorlik yo`lga qo`yildi.

Aprel oyi boshida Madridda amaliy ishchi tashrif bilan bo`lgan O`zPFL bosh direktori Omon G`ofurov La liga bosh direktori Xaver Gomes bilan uchrashib, ikki tomonlama hamkorlik bo`yicha kelishuvga erishgandi. La liga bosh direktori o`zbek futboli rivojiga hissa qo`shishga, mutaxassislarni O`zbekistonga yuborib, turli seminarlar tashkil qilish va tajribalari bilan o`rtoqlashishga tayyor ekanini ma`lum qilgandi.

Uchrashuv yakunida esa O`zbekiston Professional futbol ligasi hamda Ispaniya La ligasi o`rtasida 2020 yilga qadar mo`ljallangan ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolangandi. Ushbu memorandumga ko`ra, La liga mutaxassislari marketing, futbolga oid turli dasturlar, klublar bilan ishlash, translyatsiyalar va boshqa ko`plab masalalar bo`yicha yurtimizdagi mutaxassislarga yordam beradigan bo`lishdi.

O`zaro hamkorlik doirasida joriy yil so`nggiga qadar yana bir qator tadbirlar amalga oshirilishi ko`zda tutilgan.

Jumladan La liganing yangi mavsum uchun taqvimiga ko`ra, “Barselona” hamda “Real” o`rtasidagi birinchi “El-Klassiko” LaLiganing 10-tur uchrashuvlari doirasida 28 oktyabr kuni “Kamp Nou”da bo`lib o`tadi. PFL hamda La liga o`zaro hamkorlikda butun dunyo futbol jamoatchiligi diqqat-markazida bo`ladigan mazkur o`yin targ`ibotini yurtimizda ham yanada kengaytirish maqsadida shu kuni poytaxtimizdagi “Milliy” stadionida “Ommaviy El-Klassiko” tadbirini o`tkazishni rejalashtirishdi.

Unga ko`ra, katta shou tarzida tashkil etiladigan tadbirda ispan futboli ixlosmandlari uchun ko`plab ajoyib syurprizlar tayyorlanmoqda. Dastur avvalida o`zbek estradasi yulduzlari ishtirokida kontsert dasturi bo`lib o`tadi. Unda, PFL va La liga hamkorligi doirasida PFL elchisi etib tanlangan maftunkor xonanda Shahzoda hamda yana bir qator yulduzlar ishtirok etishadi.

Shuningdek, o`zbek estradasi yulduzlari yaqin o`tmishning nomdor futbolchilariga qarshi ko`rgazmali "El-Klassiko"da kuch sinashishadi.

So`ngra, yaqin o`tmishning mashxur hujumkor yarim himoyachilaridan biri, “Barselona”, “Atletiko Madrid”, “Liverpul” va Ispaniya terma jamoasi safida ko`rsatgan mazmunli o`yinlari bilan muxlislar olqishiga sazovor bo`lgan futbolchi, endilikdagi La liga elchisi – Luis Garsiya o`zbekistonlik yosh “charm to`p” ustalariga mahorat darsi o`tib beradi.

Keyin esa La liga elchisi Luis Garsiya hamda ushbu hamkorlik doirasidagi PFL elchisi Shahzoda yig`ilgan futbol ishqibozlariga PFL va La liga tomonidan tayyorlab qo`yilgan maxsus sovg`alarni taqdim etishadi. 

Ushbu kungi bayram tadbirining eng avj nuqatasida esa stadionga o`rnatiladigan katta ekranlarda barcha birgalikda “Barselona” – “Real” uchrashuvini tomosha qiladi.

Qayd etish joizki, La liga har yili dunyoning bir nechta yirik shaharlarida shunday “Ommaviy El-Klassiko” namoyishlarini o`tkazib keladi. O`tgan yili Nyu York shahrida mana shunday namoyish o`tkazilgan bo`lsa, joriy yilda Hindistonning Kalkutta shahrida “Ommaviy El-Klassiko” tadbiri bo`lib o`tadi. 

La liga hamda PFL hamkorligi doirasida poytaxtimiz – Toshkentda ham ilk bor butun dunyo futbol jamoatchiligi diqqat-markazidagi bahs katta ekranlarda, La liga elchisi ishtirokida va shou-kontsert tarzida bo`lib o`tadi.

Barcha futbol ishqibozlarini 28 oktyabr kuni “Milliy” stadioniga chorlaymiz. Kirish chiptalarini “Milliy” stadion kassalaridan harid qilish mumkin bo`ladi. 

“Milliy” stadionga keling va ajoyib futbol atmosferasidan bahramand bo`ling! 

mib
cola
apex
bmb