O`zbekiston Professional futbol ligasi muxlislar bilan ishlash bo`yicha Germaniya Bundesligasi bilan hamkorlik qiladi

Oldinroq xabar berganimizdek, Ispaniyaning Madrid shahrida 24-25 sentyabr kunlari Butunjahon futbol sammiti bo`lib o`tdi. Ushbu sammitda O`zbekiston Professional futbol ligasi Bosh direktori Omon G`ofurov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.

Sammit doirasida delegatsiyamiz vakillari Evropaning bir qancha futbol jamoatchiligi vakillari bilan uchrashuvlar o`tkazib, bir qator loyihalarni amalga oshirishga kelishib olgan edi.

Jumladan, Evropaning eng etakchi chempionatlari qatoriga kiruvchi Germaniya Bundesligasining xalqaro aloqalar bo`limi boshlig`i Bernd Vilms bilan muzokara o`tkazilib, O`zbekiston Professional futbol ligasi hamda Bundesliga o`rtasida bir qancha yo`nalishlarda, jumladan muxlislar bilan ishlash bo`yicha hamkorlik qilish uchun memorandum imzolashga kelishib olingan edi.

Bundesliga stadionlarning uchrashuvlar vaqtida to`lib-toshishi borasida dunyodagi eng yaxshi ko`rsatgichlarga ega chempionatlardan biri sanaladi. Aynan shu sababdan O`zbekiston Professional futbol ligasi Bundesliga tajribasini o`rganib, yurtimizda futbol ishqibozlarining milliy chempionatimizga qiziqishlarini orttirish, Superliga uchrashuvlariga yanada ko`proq muxlislar tashrif buyurishini ta`minlash bo`yicha ish olib boradi. 

Hamkorlik doirasida noyabr oyida germaniyalik mutaxassislarning yurtimizga tashrif buyurishi ko`zda tutilmoqda. Bundesliga vakillari Germaniyada muxlislar bilan ishlashda asosan qanday jihatlarga e`tibor qaratishi, o`yinlarga muxlislar tashrifini ko`paytirish bo`yicha qanday dasturlar amalga oshirilishi, Bundesliga o`yinlari vaqtida stadionlar doimo to`la bo`lishini ta`minlash bo`yicha qanday chora-tadbirlar ko`rilishi borasida batafsil ma`lumot berishadi va o`z tajribalari bilan o`rtoqlashib, nemis tajribasini O`zbekistonda tadbiq etishda o`z tavsiyalarini berishadi. 

mib
cola
apex
bmb