Butunjahon futbol sammitida O`zbekiston delegatsiyasi bir qator uchrashuvlar o`tkazdi

Avval xabar berganimizdek, Ispaniyaning Madrid shahrida 24-25 sentyabr kunlari Butunjahon futbol sammiti bo`lib o`tdi. Ushbu sammitda O`zbekiston Professional futbol ligasi Bosh direktori Omon G`ofurov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.

Sammit doirasida delegatsiyamiz vakillari bir qancha Evropa futbol jamoatchiligi vakillari bilan uchrashuvlar o`tkazdi va bir qator loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldi.

Jumladan, Evropaning TOP-5 chempionatlari qatoriga kiruvchi Germaniya Bundesligasining xalqaro aloqalar bo`limi boshlig`i Bernd Vilms bilan muzokara o`tkazildi. Muzokara doirasida O`zbekiston Professional futbol ligasi hamda Bundesliga o`rtasida bir qancha yo`nalishlar (muxlislar bilan ishlash, futbol akademiyalari, o`rtoqlik o`yinlari) bo`yicha hamkorlik qilish uchun memorandum imzolashga kelishib olindi. Ushbu masala bo`yicha Bundesliga vakillari yaqin kunlar ichida Toshkent shahriga kelish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, “Real Madrid” klubiga to`g`ridan-to`g`ri xizmat ko`rsatadigan AdidasGeneration kompaniyasi vitse-prezidenti Karlos Pulido bilan muzokaralar o`tkazildi. AdidasGeneration kompaniyasi Adidasbrendi ostida ishtirok etadigan mashhur klublar bilan o`rtoqlik o`yinlarini va o`quv-mashg`ulot yig`inlar tashkil etish bo`yicha loyihalarni amalga oshiradi.

Dunyoning eng mashxur kompaniyalaridan biri hisoblangan “Amazon” kompaniyasi futbol sanoatida ham faoliyat yuritayotgani hech kimga sir emas. Kompaniya vakili Alessandro Tataranni bilan bo`lib o`tgan uchrashuv chog`ida O`zbekistonda futbol marketingini takomillashtirish va o`zbek futboli brendini rivojlantirish bo`yicha kelishuvga erishildi.

Futbolning jozibadorligini oshirishda translyatsiya sifati juda katta ahamiyatga ega. Evropada bu masalaga jiddiy e`tibor qaratilib, translyatsiya borasida katta muvaffaqiyatlarga erishilgan. Bir qancha futbol ligalariga ushbu yo`nalishda xizmat ko`rsatib kelayotgan TELLYO kompaniyasi vakili Jakob Maykovski o`z kompaniyasi O`zbekistonda ham futbol uchrashuvlari translyatsiyasini yangi bosqichga olib chiqishga harakat qilishini, bu borada kompaniyaning maxsus dasturini O`zbekistonda sinab ko`rish taklifini olg`a surdi. Yaqin kelajakda ushbu komaniya bilan hamkorlikda yurtimizda futbol translyatsiyasining sifatini yaxshilash va yangi bosqichga olib chiqish rejalashtirilmoqda.   

Shu bilan bir qatorda O`zbekiston delegatsiyasi 26-27 sentyabr kunlari LaLiga tashkiloti va Real Madrid akademiyasi bilan yana bir qancha hamkorlikdagi kelishuvlar bo`yicha muzokaralar o`tkazadi. 

mib
cola
apex
bmb