“Futbol do`stlik uchun”: tenglik, adolat, sog`liq, g`alaba, an`analar, tinchlik, sadoqat, faxr va do`stlik

Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA) Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Futbol do`stlik uchun” ijtimoiy loyihasining 6-mavsumini o`tkazdi.

Bu yil ijtimoiy loyihada dunyoning 211 ta mamlakatidan 1500 nafarga yaqin bolalar va mimilliy assotsiatsiya delegatlari, jami 5000 nafarga yaqin ishtirokchilar qatnashdi.

“Futbol do`stlik uchun” tadbirida faxriy mehmon sifatida Rossiya milliy terma jamoasi sobiq hujumchisi Aleksandr Kerjakov, ispaniyalik taniqli darvozabon Iker Kasilyas, Saudiya Arabistoni terma jamoasi a`zosi Alsayyar Abdulrahmon kabi yulduzlar ishtirok etishdi.

O`zbekistondan mazkur loyihada yosh darvozabon Muslim Abdumannopov va yosh jurnalist Mardon Marupov ishtirok etdi.

Tadbirning asosiy musobaqalari “Lokomotiv” klubi stadionida bo`lib o`tdi. Ishtirokchilar jamoalarga bo`lingan holda o`zaro futbol o`ynashdi. Jamoalarga kamyob sanalgan va yo`qolib ketish xavfi bo`lgan jonivorlar nomi qo`yildi.

O`zbekiston vakili Muslim Abdumannopov Kayman orollari, Isroil, Gibraltar, Mo`g`uliston va Lyuksemburg mamlakatlari a`zolari bilan birga WesternGorilla jamoasida ishtirok etdi.

Yosh jurnalist Mardon Marupov esa chet ellik yosh hamkasblari bilan media-markaz orqali tadbirlarni yoritib bordi.

Keyin esa Evropadagi eng katta usti yopiq akvarium hisoblangan  "Moskvarium"da forum bo`lib o`tdi. Forum davomida ishtirokchilar dengiz jonivorlarini yaqindan tomosha qilish va ular haqida qiziqarli ma`lumotlarni bilib olish imkoniyatiga ega bo`lishdi.

14 iyun kuni esa "Futbol do`stlik uchun" loyihasi a`zolari Moskvadagi "Lujniki" stadionida JCh -2018ning ochilish o`yini Rossiya - Saudiya Arabistoni uchrashuviga tashrif buyurishdi. Uchrashuv stadiondagi muxlislarga katta zavq bag`ishladi.

Ushbu loyihaning asosiy maqsadi – butun dunyodagi yosh avlod o`rtasida do`stlik, tinchlik, turli millat va madaniyat vakillariga hurmat kabi yuksak insoniy tushunchalarni targ`ib qilishdan iborat.

O`zbekiston futbol assotsiatsiyasi ham bu kabi loyihalarni hamisha qo`llab-quvvatlashga va ularda faol ishtirok etishga tayyor. 

"Menga "Futbol do`stlik uchun" loyihasi juda yoqdi. Biz bu loyiha davomida dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan bolalar bilan tanishdik, yangi do`stlar orttirdik.

"Moskvarium"ga uyushtirilgan sayyohat ham menda katta taassurot qoldirdi. U erda biz dengiz jonivorlarini tomosha qildik. Shuningdek, forumga tashrif buyurgan futbol afsonasi Iker Kasilyas bilan ko`rishish imkoniyatiga ega bo`ldik.

Forum davomida ko`plab yangi do`stlarim bilan o`zaro sovg`alar, suvenirlar almashdik. O`zbekiston haqida ularga so`zlab berdim. Menga ushbu loyiha juda ham yoqdi", - deydi Mardon Marupov.

"Futbol do`stlik uchun" loyihasida qatnashganimdan juda xursandman. Men darvozabon sifatida ushbu loyihad qatnashdim. Afsuski, jamoamiz har uchchala o`yinda mag`lub bo`ldi. Ammo biz yanada yaxshi tayyorlanib, kelasi safar albatta g`alaba qozonishga do`stlarim bilan kelishib oldik.

Menda "Lujniki" stadionida bo`lib o`tgan ochilish uchrashuvi katta taassurot qoldirdi. Jahon chempionatidan o`rin olgan o`yinni stadionda tomosha qilish baxtiga erishganimdan juda xursandman", - deydi Muslim Abdumannopov. 

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston futbol assotsiatsiyasi mazkur loyihada ikkinchi marta ishtirok etyapti. O`tgan yili “Futbol do`stlik uchun” loyihasida yurtimiz sharafini “Lokomotiv” Toshkent vakili Ilyos Ahmedov (darvozabon) va yosh jurnalist Amir Sharipov himoya qilgandi. 

mib
cola
apex
bmb