Litsenziyalash jarayoni hal qiluvchi pallada: bu yil litsenziya oluvchi klublar soni ko‘proq bo‘ladi

O‘zPFL yil avvalida “Klublarni litsenziyalash reglamenti” ishlab chiqdi va uning ijrosini mavsum davomida nazorat qilib bordi. Bunda 5 asosiy tamoyil: sport, infratuzilma, ishchi-xodimlar, huquqiy, moliyaviy mezon bo‘yicha zarur hujjatlar to‘plami asosiy omil hisoblanadi.

Masalaga yondoshuv o‘z samarasini berdi va birinchi bor har bir klub maxsus platformaga hujjatlarni to‘liq joyladi. Ilgari xalqaro maydon uchun imkoni bor klublargina litsenziyalashga jiddiy e’tibor bergan, qolgan klublar talabni deyarli bajarmagan.

Shuningdek, tarixda ilk bor Pro liga klublari ham litsenziya olish uchun potentsial nomzodga aylandi. Klub davlat yoki davlat ulushi bor korxona tomonidan moliyalashtirilyaptimi, demak u litsenziyalash shartlarida o‘tish uchun intilishi shart ekani belgilandi. Bu esa tabiiyki, litsenziyaga da’vogarlar sonining ko‘proq bo‘lishini ta’minlaydi.

Shu kungacha professional klublarimiz duch kelgan eng katta muammo auditorlik hisobotlari bilan bog‘liq bo‘lgan. Aniqrog‘i, klublar o‘zlari bilgan tekshiruvchilar bilan hamkorlik qilishga intilgan, oqibatda OFK tomonidan belgilangan professional talab bajarilmagan. 2021-yilda esa O‘zPFL bu masalani tartibga keltirishga erishdi. Biz auditorlik xulosalari xalqaro standartlari asosida OFK platformasiga joylashtirilishni uddaladik. 

Bu qanday amalga oshdi? O‘zPFL bu yo‘nalishda OFK bilan bir necha bor muzokara olib bordi va yakunda barcha klublar uchun auditorlik hisoboti bo‘yicha yagona na’muna ishlab chiqildi. Shu tariqa Superliga va Pro liga klublari talab asosida tajribaga ega bo‘lgan auditorlik firmasi tomonidan xalqaro audit standartlari bo‘yicha auditorlik tekshiruvidan o‘tkazildi. Shu tariqa OFK platformasiga moliyaviy hujjatlar to‘plami bir xilda — talab etilgan ko‘rinishda yuklandi. Aynan shu jihat OFK litsenziyasi uchun da’vogarlar sonini keskin oshirdi.

Ma’lumot uchun, 2016-yildan boshlab OFK litsenziyalash talablarini qat’iylashtirib, uni yangi bosqichga olib chiqa boshladi. Shu tariqa 2018-yil OFK litsenziyasiga sanktsiyasiz ega chiqqan klublar soni 4 tani tashkil qildi, 2019-yilda esa bu ko‘rsatkich 6 taga yetdi. 2020-yilda biz mazkur raqamni 7 taga olib chiqqandik. Tez orada 2021-yilgi harakatlarimiz natijasi e’lon qilinadi. Ishonamizki, bu raqam endi 10 tadan kam bo‘lmaydi va ular orasida Pro liga klublari ham bo‘ladi.   

 

Zoxirjon Akramxonov,

O‘zPFL klublarni litsenziyalash va xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i 

mib
cola
apex
bmb