O‘zPFL ilk bor Pro liga va ayollar jamoalarini litsenziyalashdan o‘tkazishga erishdi

Osiyo futbol konfederatsiyasi talabi asosida Superliga klublari litsenziyalash jarayonidan o‘tishi sizga ma’lum. Bunda xalqaro maydonda o‘ynash imkoniyati kam bo‘lgan klublar ilgari litsenziyalash masalasiga jiddiy e’tibor qaratmagan. 

O‘zPFL rahbariyatida o‘zgarish yuzaga kelgach, yangi tarkib ilk ishni aynan shu jarayonga e’tibor qaratishdan boshladi. Va biz endilikda nafaqat Superliga, balki Pro liga klublarini ham litsenziyalashdan o‘tkazishga erishdik. Ya’ni, bugunga kelib Superliga va Pro liga klublariga qo‘yiladigan talablar o‘rtasidagi katta tofovut bosqichma-bosqich qisqartirilmoqda. Bu kelajakda Pro liga orqali Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan klublar talablar borasida katta muammolar qarshisidan chiqishining oldini oladi. 

Quvonarli jihati shundaki, joriy yil hisobidan OFK litsenziyasini olish uchun nafaqat Coca-Cola Superliga jamoalari, balki bir nechta Pro liga klublari ham jiddiy da’vogar bo‘lib turibdi. Sodda qilib tushuntirganda, O‘zPFL so‘nggi bir yil davomida nafaqat klublarga talab qo‘ydi, balki ularning ijrosi masalasida klublar bilan hamkorlik qildi. Buning natijasida O‘zbekiston tarixida ilk bor quyi liga klublari ham OFK tomonidan qo‘yilgan minimal talablarga javob berish arafasida turibdi.  

OFK, shuningdek, bu yildan e’tiboran ayollar jamoalarini rivojlantirish masalasiga ahamiyat bermoqda. Xususan ayollar jamoalari sinov tariqasida ilk bor litsenziyalash jarayonidan o‘tkazildi va O‘zbekiston kam sonli a’zo mamlakatlar qatorida ayollar klublarini ham litsenziyalashga jalb etdi. 2022-yildan e’tiboran bu jarayon barcha a’zo mamlakatlar uchun majburiy bo‘ladi. 2023-yildan boshlab esa ayollar jamoalari ishtirokida to‘laqonli Osiyo Chempionlar ligasi tashkil etish rejaga kiritilgan. Oldinga o‘tib shuni aytish kerakki, joriy mavsum hisobidan kamida 2 ta ayollar jamoamiz OFK litsenziyasini qo‘lga kiritishi mumkin. Bu esa qit’a miqyosida O‘zbekiston imidjiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

mib
cola
apex
bmb