“G‘ijduvon”ning nigeriyalik futbolchisi Song Longji bilan suhbat

“G‘ijduvon” jamoasi Birinchi liganing 17-turidan keyin turnir jadvalining 3-pog‘onasida bormoqda. Birinchi o‘rindagi “Zomin” jamoasi bilan oradagi farq 4 ochkoni tashkil qiladi. Ko‘rinib turibdiki, “G‘ijduvon” ham Pro liga yo'llanmasi uchun jiddiy kurashga kirishgan. Bu yo‘lda jamoaga tajribali mahalliy yigitlar bilan birga xorijiy futbolchilarni ham jalb etgan. Kolumbiyalik Estevan Ospina hamda nigeriyalik Song Longji shular jumlasidan.

Har ikkala xorijlik futbolchi mavsumning birinchi qismida Toshkentning “Oqtepa” jamoasida to‘p surishgan. Biroq mazkur jamoa mavsumning ikkinchi davrasida turli sabablarga ko‘ra ligani tark etgach, O‘zPFL jamoa a’zolariga yozgi transfer davrida boshqa jamoalarga qo‘shilishlariga ruxsat bergan. Shu tariqa Ospina va Longji joriy yilning 10-iyulidan “G‘ijduvon” tarkibida paydo bo‘ldi va jamoaning o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etib, ikkinchi davraga tayyorgarlik ko‘rdi.

“G‘ijduvon” xorijlik futbolchilar ko‘magida sakkizta o‘yin o‘tkazdi - uch mag‘lubiyat va besh g‘alaba. O‘z maydonida “Lochin” jamoasini qabul qilgan g‘ijduvonliklar raqiblarini yirik hisobda mag‘lubiyatga uchratishdi, ettita goldan beshtasiga Song mualliflik qildi. Safarda “Jizzax-Bars” mehmoni bo‘lgan o‘yinda ham g‘ijduvonliklar ikkita to‘p farqi bilan yutuqqa erishishdi. Ikkita goldan birini yana Song kiritdi. Shu tariqa Song qisqa vaqt ichida mahalliy muxlislarning e’tiborini qozondi. O‘zPFL matbuot xizmati Song Longjiga savollar bilan murojaat etdi.

- Song, o‘zingizni tanishtirsangiz.

- Nigeriyaning Gindiri shahrida tug‘ilganman. Otam raxmatli politsiyaschi bo‘lgan, onam tadbirkor ayol. Oilada ikki o‘g‘il va ikki qizmiz.

- Futbolchi bo‘lishingizda kimnidir hissasi bormi?

- Futbolga bolaligimdan juda qiziqqanman, hech kim ta’sir ko‘rsatmagan, yaqin qarindoshlarimizda ham hech kim futbol o‘ynamagan. Ko‘chada, maktabda eng oldi futbolchilardan bo‘lganman.

Plato ko‘chasida joylashgan mahalliy futbol maktabiga tanlov asosida qabul qilinganman. Birinchi murabbiyim Benjamin Bevarang.

Faoliyatim davomida Nigeriya poytaxti Abujada turli klublarda o‘ynadim, so‘ng Turkiyaning “Tarsus Belediespor” jamoasida ham ma’lum muddat to‘p surdim. Keyin Toshkentning “Oqtepa” jamoasidan yaxshi taklif tushdi.

- “G‘ijduvon”da qanday paydo bo‘ldingiz?

- O‘zbekistonga “Oqtepa”ning taklifi bilan keldim. Lekin ko‘p o‘tmay bu jamoada jarohat oldim, uch oy davolandim. Keyin “Oqtepa” faoliyatini to‘xtatdi. Shunda “G‘ijduvon”dan taklif tushdi.

- Yangi jamoadagi  shart-sharoitlardan qoniqyapsizmi?

- Хudoga shukur, barchasi joyida. Klub rahbarlarining men va kolumbiyalik do‘stim, umuman, barcha futbolchilar bilan munosabatlari juda iliq. Katta shahar bo‘lmasada, futbolchi uchun kerak bo‘lgan sharoitlarni yaratib berishyapti.

- Nima deb o‘ylaysiz, shu jamoada ko‘p vaqt qolib ketasizmi yoki boshqa, deylik Superliga jamoalariga intilasizmi?

- Hozir “G‘ijduvon”daman, bor kuchimni shu klubga sarflayman. Uyog‘iga nima bo‘lishini esa vaqt ko‘rsatadi. Lekin bir narsani aniq bilaman – O‘zbekistonda hali yana ko‘p yillar to‘p tepaman. Chunki menga O‘zbekiston juda yoqib qolgan.

- So‘nggi savol. Bizning o‘lkamizda sizni rom qilgan nima ekan?

- Bunaqalar ko‘p. Ayniqsa, o‘zbek musiqalari, osh, somsa va kabob.

 

mib
cola
apex
bmb