Terma yig‘ini sanasidagi o‘zgarish sabab ayollar chempionati taqvimida o‘zgarish bo‘ldi

O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Toshkent mezbonlik qiluvchi Osiyo kubogining saralash bosqichida 20-sentyabr kuni Mo‘g‘uliston bilan, 23-sentyabr kuni Janubiy Koreya bilan rasmiy uchrashuvlar o‘tkazadi. Uch jamoa ishtirokidagi saralash guruhi yakuniga ko‘ra faqatgina peshqadam terma jamoa yanvar oyida Hindistonda o‘tadigan Osiyo kubogida ishtirok etadi.

O‘zPFL shundan kelib chiqib, ayollar chempionatining tanaffusgacha bo‘lgan 17-tur uchrashuvlarini 13-sentyabr kuniga tayin qilgandi. Mazkur sana terma bosh murabbiyi Bahrom Norsafarov bilan kelishilgan. Biroq 31 avgust kuni O‘FA 17-turni boshqa sanaga ko‘chirishni so‘rab xat yozdi. Mazkur nomada terma yig‘inga 14-emas, balki 12-sentyabr kuni kirishi bayon qilingan.

Rejaga ko‘ra, O‘zbekiston chempionati “Bunyodkor-W” klubining OFK ayollar klublari chempionati start olgunga qadar yakuniga etishi hamda “qaldirg‘ochlar” o‘z vaqtida Iordaniyaga jo‘nab ketishi kerak edi. Bunda ayollar kubogining final uchrashuvi “Bunyodkor-W” jamoasining finalda ishtirok etishi yoki etmasligidan kelib chiqib, yo xalqaro musobaqadan avval yoki undan keyin o‘tishi lozim edi.

Biroq O‘FA o‘z rejalarini o‘zgartirganidan kelib chiqib, O‘zPFL 17-tur sanasini taqvimdan o‘chirdi va tabiiyki, taqvimdagi turlar bittadan keyinga surildi. Shu tariqa ayollar chempionatining so‘nggi tur uchrashuvlari hamda O‘zbekiston kubogining final uchrashuvi xalqaro turnirdan keyinga qoldirildi. Aslini olganda “Bunyodkor-W” xalqaro musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etsa, sharqiy Osiyo jamoasiga qarshi navbatdagi uchrashuvni o‘tkazishi lozim edi. Ammo katta ehtimol bilan sharqiy jamoalar musobaqaga tayyor bo‘lmaydi. Shundan kelib chiqib, chempionatning so‘nggi turi va kubok finali sanasida o‘zgarish bo‘lmaydi deb, umid qilamiz.

O‘zPFL rejasi bilan ko‘rsatilgan havolalarda tanishib olishingiz mumkin.

mib
cola
apex
bmb