Klublarning litsenziyalash bo‘yicha menejerlari hamda buxgalterlari uchun seminar o‘tkazildi

Ma’lumki, Osiyo futbol konfederatsiyasi talabi asosida mamlakat chempionati yuqori divizionida ishtirok etuvchi futbol klublari har yili litsenziyalash jarayonidan o‘tkaziladi. O‘tgan yildan e’tiboran O‘zbekiston Professional futbol ligasi Pro liga klublarining ham barchasini mazkur jarayonga jalb etgan holda klublarimizning umumiy infratuzilmasini bosqichma-bosqich yaxshilab borish, Pro liga ishtirokchilarini tashkiliy tuzilma jihatidan Coca-Cola Superliga vakillariga yaqinlashtirish amaliyotini joriy etdi.

Qit’a futbol konfederatsiyasi nazorati ostida tashkil etiladigan ushbu muhim jarayonning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi — klublarning kelasi mavsumda xalqaro va ichki musobaqalarda ishtirok etishi masalasida ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Bu jarayonda klublar litsenziya talabgori sifatida OFK yoki milliy litsenziyani qo‘lga kiritish uchun bir qator mezonlar asosida hujjatlarini taqdim etishadi. OFK tomonidan belgilab beriladigan ishchi-reja asosida klublar iyun oyi so‘ngiga qadar sport, infratuzilma, ishchi-xodimlar, huquqiy mezonlar bo‘yicha, shuningdek iyul oxiriga qadar moliyaviy mezonlar bo‘yicha hujjatlarni taqdim etishadi. Ular tomonidan OFKning maxsus onlayn platformasi – AFCCLASga joylangan hujjatlar sarhisob qilinib, futbol klublarini litsenziyalash qo‘mitasining qarori asosida klublarga litsenziya taqdim qilinadi.

Joriy yil hisobidan start olgan litsenziyalash jarayonida Coca-Cola Superliga hamda Pro liga klublari 5 ta mezon bo‘yicha zarur hujjatlar to‘plamlarini taqdim etishadi. Bugun O‘zPFLda barcha ishtirokchi klublarning litsenziyalash bo‘yicha menejerlari hamda buxgalterlari uchun seminar tashkil etildi. Unda Osiyo futbol konfederatsiyasining mazkur yo‘nalish bo‘yicha joriy yilda yangilangan qoidalar majmuyi hamda uning asosida ishlab chiqilgan Milliy litsenziyalash reglamentiga kiritilgan yangilik va qo‘shimchalar batafsil muhokama qilindi.

O‘zPFL Klublarni litsenziyalash bo‘limi boshlig‘i Zoxirjon Akramxonov mazkur jarayonda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan barcha muhim jihatlarga birma-bir to‘xtalib, jarayonni muvaffaqiyatli yakunlash klublarimizning umumiy infratuzilmasini yaxshilash yo‘lida tashlangan jiddiy qadam bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi.

Qolaversa, bu yildan e’tiboran ayollar jamoalari ham litsenziyalashdan o‘tkazilishi belgilandi. Bu borada ham kiritilgan yangiliklar bo‘yicha klublar vakillariga batafsil ma’lumot berildi. 

 

mib
cola
apex
bmb