O‘zPFL Tibbiy komissiyasi uchrashuvlar davomida karantin qoidalariga rioya etilishi masalasini muhokama qildi

Bilasiz, o‘tgan yili O‘zbekiston Professional futbol ligasi pandemiya sharoitida futbol uchrashuvlarini barcha sanitariya qoidalariga rioya qilgan holda o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida malakali shifokorlarni jalb qilgan holda Tibbiy komissiya tashkil etgan edi.

Ushbu komissiya COVID-19 pandemiyasi davrida klublardagi futbolchilar, murabbiylar va boshqa mutaxassislar orasida epidemiologik vaziyatni va ularning sog‘lig‘i holatini nazorat qilish bo‘yicha samarali ish olib bora oldi va bu 2020-yilgi mavsumni jiddiy kechikishlarsiz yakunlash imkonini berdi.

Shifokorlardan iborat Komissiya 2021-yilda ham klublarga tibbiy masalalarda yaqindan ko‘mak berish bo‘yicha ish olib bormoqda. Tibbiy komissiyaning tashabbusi bilan 25-26-mart kunlari poytaxtimizdagi “Chig‘atoy” qarorgohida klublarimizda faoliyat olib borayotgan sport shifokorlari uchun tibbiyot seminari tashkil etilgan edi.

Bugun O‘zPFL Tibbiy komissiyasi karantin tartibiga amal qilgan holda milliy chempionat va mamlakat kubogi bahslarida tibbiy nazoratni tashkil etish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Unda o‘tgan yili ishlab chiqilgan “COVID-19 pandemiyasi davridagi karantin paytida mashg‘ulot jarayonlarini qayta tashkil etish va O‘zbekiston chempionati hamda kubogi uchrashuvlarini o‘tkazish bo‘yicha Reglament”da belgilangan qator tartiblarga qat’iy rioya etilishi masalasi muhokama qilindi.

Xususan, barcha stadionlarga tashrif buyuradigan muxlislarning masofa saqlab o‘tirishlari uchun o‘rindiqlar alohida belgilab, ajratib chiqiladi. Shuningdek, stadionga kirayotgan tomoshabinlarning harorati o‘lchanib, ularning albatta tibbiy niqobda bo‘lishlari shart etib belgilandi.

O‘zPFL uchrashuv komissarlari mezbon klub vakillari, stadion ma’muriyati, Sanitariya epidemiologiya xizmati, IIB va Milliy gvardiya xodimlari bilan birgalikda uchrashuv oldidan, davomida va o‘yin yakunlanganidan so‘ng stadion hududida zarur tartib qoidalarga rioya qilinishini tashkil etadi.

Stadionlarda uchrashuv boshlanishidan 4 soat avval to‘liq dezinfektsiya tadbirlari olib boriladi, jamoa a’zolari, futbolchilar va murabbiylar ham stadionga yetib kelgach, haroratlari o‘lchangan holda texnik hududga kirtiladi. O‘yin vaqtida zaxira o‘rindig‘ida o‘tiradigan barcha (bosh murabbiydan tashqari) tibbiy niqobda bo‘lishi shart. Mabodo jamoa a’zolaridan birida COVID-19 simptomlari aniqlansa, u shaxs darxol izolyatsiyaga olinadi va PSR testi topshiradi.

O‘zPFL Tibbiy komissiyasi klublar shifokorlari bilan muntazam aloqada bo‘lgan holda ish olib borib, jarayonni muvofiqlashtirish, kasallik aniqlangan holatlarda kerakli tavsiyalarni berish asnosida futbolchilarning sog‘lig‘i holatini monitoring qilib boradi. 

mib
cola
apex
bmb