O‘zPFL Ijroqo‘mi “Istiqlol” klubining Pro ligadan chiqib ketishini tasdiqladi

Shu yilning 12-aprel kuni Farg‘onaning “Istiqlol” klubi Pro ligani davom ettirmaslik yuzasidan rasmiy murojaat bilan chiqqandi. O‘zPFL klubning ishtirokchilar safidan chiqishi masalasini tashkilot Ijroqo‘mga kiritdi hamda “Istiqlol”ning musobaqadan chiqib ketishi rasman tasdiqlandi.

“2021-yilgi mavsumda O‘zbekiston Professional futbol ligasi tomonidan o‘tkaziladigan musobaqalar reglamenti”ning 8.9-bandiga asosan “Istiqlol” futbol klubining 2021 yilgi mavsumda qayd etgan natijalari bekor qilindi. O‘sha uchrashuvda ishlab olingan sariq va qizil kartochkalar esa o‘z kuchida qoldi. Endilikda Pro liganing har bir turida “Istiqlol”ga qarshi to‘p surishi kerak bo‘lgan jamoa shu tur doirasida dam oladi.

“Futbolchilar maqomi va transferi bo‘yicha reglament”ning 14.2-bandiga asosan “Istiqlol” futbolchilariga boshqa klublar bilan shartnoma imzolash huquqi taqdim etiladi. O‘zPFL yangi tuzilgan shartnomalarni yozgi transfer oynasi ochilgunga qadar ham ro‘yxatdan o‘tkazadi. Qayd etish kerak, yozgi transfer O‘zbekistonda 5-iyul kuni rasman ochiladi va 31-iyulga qadar davom etadi.

“Istiqlol” futbol klubining endilikdagi sobiq futbolchilari o‘zlari shartnoma imzolagan yangi klublari safida qachondan boshlab maydonga tushishlari masalasi 19-aprel kungi alohida yig‘ilishda ko‘rib chiqiladi. Mazkur yig‘ilish O‘FA, O‘zPFL, Futbolchilar uyushmasi hamda Futbolchilar maqomi va o‘tishi bo‘yicha qo‘mita vakillari ishtirokida tashkil etiladi. 

mib
cola
apex
bmb