Coca-Cola Superliga o‘yinlaridan highlights tayyorlash huquqi Championat.asia tomonidan xarid qilindi

O‘zbekiston Professional futbol ligasi Coca-Cola Superliga hamda Pro liga uchrashuvlari teletranslyatsiyalari masalasida yildan-yilga qator ishlarni amalga oshirmoqda. 

2020-yilgi mavsum davomida O‘zPFL Coca-Cola Superliga, O‘zbekiston Coca-Cola kubogi, Birinchi liga hamda ayollar Oliy ligasi uchrashuvlarini MyCujoo platformasi orqali onlayn efirga uzatdi hamda ilk marta onlayn translyatsiyalar orqali daromad qildi. MyCujoo bilan shartnoma 2021-yil yakuniga qadar amal qiladi va joriy mavsum daromadi o‘tgan yildagidan ko‘proq bo‘lishi ustida ish olib borilyapti. 

Endilikda O‘zPFL birinchi marta highlights tayyorlash va ularni onlayn namoyish qilish huquqini sotish bo‘yicha Championat.asia nashri bilan bitim imzoladi. Unga ko‘ra, Championat.asia 2021-yilgi mavsum yakuniga qadar Coca-Cola Superliga uchrashuvlaridan 10 daqiqagacha bo‘lgan highlights tayyorlash va ularni ijtimoiy tarmoqlar, veb-sayt hamda messenjerlarga joylash huquqiga ega bo‘ladi. Bungacha mazkur huquq O‘zPFL hamda “Sport” telekanaliga tegishli edi. Endilikda ular yoniga yangi nashr ham qo‘shildi. 

Ishonamizki, hamkorlik har ikki tomon uchun samarali bo‘ladi. Biz bu borada O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga Coca-Cola Superliga uchrashuvlari namoyishi hamda teletranslyatsiyalar borasidagi hamkorlik uchun minnatdorchilik bildiramiz.

mib
cola
apex
bmb