“Buxoro” — “Olimpik” o‘yini Toshkentga ko‘chirildi

“Buxoro” futbol klubi shu yilning 25-yanvar kuni O‘zbekiston Professional futbol ligasiga xat bilan murojaat qilgan bo‘lib, unda “Buxoro” sport majmuasi joriy yilning 1 aprel kuniga qadar futbol uchrashuvlari uchun tayyor bo‘lishi bayon qilingan. 

Shunga qaramay, “Buxoro” futbol klubi belgilangan muddatga qadar stadion masalasini hal qila olmadi. Buning oqibatida “Buxoro” futbol klubi “2021-yilgi mavsumda O‘zbekiston Professional futbol ligasi tomonidan o‘tkaziladigan musobaqalar reglamenti”ning 4.2. hamda 4.3. bandlarini o‘z vaqtida bajarmadi. 

Shundan kelib chiqib, Pro liga 3-turidan o‘rin olgan “Buxoro” — “Olimpik” uchrashuvi avvaldan belgilangani kabi Buxoro shahrida emas, Toshkentdagi “Jar” stadionida o‘tkaziladi. Jamoalarning II davradagi o‘yiniga Buxoro mezbonlik qiladi. 

“Buxoro” futbol klubi “Olimpik” bilan uchrashuv o‘tadigan 6 aprel sanasiga qadar Reglamentning yuqorida ko‘rsatilgan bandlari bo‘yicha talabni bajarmasa, klubning Pro liga 5-turidan o‘rin olgan “Istiqlol” klubiga qarshi uy uchrashuvi ham Farg‘ona shahriga ko‘chiriladi. Klub bunday holatda II davra o‘yini uchun ham Farg‘onaga safar etishi bo‘yicha ogohlantirildi.

mib
cola
apex
bmb