Bugun O‘zbekiston Coca-Cola kubogi guruh bosqichiga qur’a tashlanadi

Qur’a tahminan 20:30 da, aniqrog‘i, Coca-Cola Superliga 3-turidan joy olgan AGMK — “Paxtakor” uchrashuvi yakuniga etganidan so‘ng jonli efirga olib chiqiladi. Unda O‘zPFL mutaxassisi Zohirjon Akramxonov hamda Futbolchilar uyushmasi rahbari Kamoliddin Murzoev ishtirok etadi.

Reglamentda ko‘rsatilganidek, musobaqaning guruh bosqichida 24 ta klub bellashadi. Ular Superliga hamda Pro liga klublari yordamida shakllantiriladi. Faqatgina Chempionlar ligasida ishtirok etuvchi klub(lar) musobaqaga 1/8 finaldan boshlab qo‘shiladi. Ularning o‘rni Birinchi liga klublari bilan saralash o‘yinlari orqali to‘ldirilishi haqida kecha ma’lumot berilgandi.

Bugungi qur’a marosimi uch bosqichda bo‘lib o‘tadi. Birinchi galda Birinchi liganing 8 ta klubi saralash o‘yinlaridagi o‘z raqiblarini bilib oladi. Keyingi galda esa guruh bosqichi ishtirokchilari o‘z raqiblarini bilib oladi. Uchinchi bo‘lib O‘zbekiston Coca-Cola kubogining final uchrashuvini o‘tkazish uchun ariza topshirgan stadionlar savatga solinadi hamda final mezboni nomiga aniqlik kiritib olinadi.

Guruh bosqichi uchun qur’ada hech qanday savatlar bo‘lmaydi. Bunda har bir jamoa har qanday raqib bilan bir guruhdan joy olishi mumkin. Har bir guruhda jami 6 ta uchrashuv tashkil etiladi. Kimning qaysi turda uyda va qaysi turda mehmonda o‘ynashi masalasi qur’a yordamida — shaffof usulda aniqlab olinadi. Guruh bosqichi yakuniga ko‘ra har bir guruhda dastlabki ikki o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoalar 1/8 final ishtirokchisiga aylanadi. Shuningdek, AGMK klubining 7-aprel kungi uchrashuvidan kelib chiqib, guruhlarda eng yaxshi uchinchi natija ko‘rsatgan 2 yoki 3 klub ham 1/8 finalga qo‘shiladi.

1/8 finaldan boshlab to finalga qadar bo‘lgan pley-off juftliklariga alohida qur’a yordamida aniqlik kiritib olinadi. Bunda guruhlar peshqadamlari 1/8 finalda o‘zaro raqib bo‘lmaydi. Shuningdek, peshqadam klublar bu bosqichda “Paxtakor” (yoki AGMK) klubi bilan ham raqib sifatida to‘qnashmaydi. 

mib
cola
apex
bmb