Ayollar jamoalari o‘rtasida ham U-16 va U-14 chempionatlari o‘tkaziladi, barcha jamoalar badal pullaridan ozod etiladi

Xabaringiz bor, shu paytga qadar ayollar jamoalari o‘rtasida Oliy liga va Birinchi liga musobaqalari o‘tkazib kelinar edi.

Yurtimizda ayollar futbolini yanada rivojlantirish, klublar tizimida ayollar jamoalariga e’tiborni kuchaytirish maqsadida 2021-yilgi mavsumdan e’tiboran Oliy liga hamda Birinchi liga bilan bir qatorda qizlar o‘rtasida U-16 va U-14 chempionatlari ham o‘tkaziladi.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Ijroiya qo‘mitasi Byurosining qarori asosida 2021-yilgi mavsumda FIFA hamda OFK talablaridan kelib chiqqan holda ayollar Oliy ligasi va Birinchi ligasida ishtirok etuvchi futbol klublarining barchasida U-16 jamoasini shakllantirish belgilandi. Bunda futbol klublarining iqtisodiy holatidan kelib chiqib ularga qulaylik yaratish maqsadida har bir hududda minimum bitta ayollar jamoasining bo‘lishi (Toshkent shahri va Toshkent viloyati bundan mustasno) masalasiga e’tibor qaratildi. Endilikda ayollar futbolida Oliy liga, Birinchi liga, U-16 chempionati hamda futzal musobaqasi O‘zbekiston Professional futbol ligasi tomonidan, U-14 chempionati esa jamoalarga qulaylik yaratish maqsadida O‘FAning hududiy bo‘linmalari yordamida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan o‘tkaziladi.

Musobaqalar doirasidagi uchrashuvlar miqdori hamda klub tizimida ayollar jamoalari soni oshayotganini inobatga olgan holda barcha ayollar jamoalari musobaqalar qatnashchilik badal pullaridan to‘liq ozod etiladi. 

mib
cola
apex
bmb