Pro liganing 10-jamoasi nomi aniq bo‘ldi

Pro liganing 2020-yilgi mavsumida 8 klub g‘oliblik uchun kurash olib borgandi. Yakunda “Turon” Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. “Buxoro” futbol klubi esa Superligada eng kam ochko jamg‘argan klub sifatida 2021-yilni Pro ligada o‘tkazadigan bo‘ldi.

Reglamentga ko‘ra, 2020-yilgi mavsum Pro ligada so‘nggi o‘rinni egallagan klub Birinchi ligaga tushirilishi, Pro liganing ettinchi jamoasi esa Birinchi liganing ikkinchi jamoasiga qarshi o‘tish o‘yinida ishtirok etishi belgilangandi. Shunga ko‘ra, Pro ligani so‘nggi — 8-o‘rinda yakunlagan “Zomin” musobaqani tark etdi. Birinchi liga g‘olibi “Yangiyer” esa Pro liganing navbatdagi ishtirokchisiga aylandi. 

Pro liganing ettinchi jamoasi “Xorazm” hamda Birinchi liganing ikkinchi jamoasi “Paxtakor-farm” o‘rtasida o‘tilishi lozim bo‘lgan bellashuv bekor qilindi. Boisi, O‘FA Ijroqo‘mining 2020-yil 28-noyabrdagi yig‘ilishida Qoraqalpog‘istonda futbolni rivojlantirish dasturi asosida “Aral” futbol klubining Pro liga musobaqasida istisno tariqasida ishtirok etishiga ruxsat berildi hamda Pro liga ishtirokchilari 2021-yilgi mavsumdan boshlab 10 ta qilib tasdiqlandi. Shundan kelib chiqib, “Xorazm” futbol klubi Pro ligadagi o‘rnini o‘tish o‘yinisiz saqlab qoldi, “Paxtakor-farm” esa o‘z-o‘zidan liganing 10-jamoasiga aylandi.

Shu yilning 3-fevral kuni “Paxtakor-farm” klubi Pro liga musobaqasida ishtirok etmasligini ma’lum qildi. O‘FA Ijroqo‘mi Byurosi esa 5-fevral kuni Milliy olimpiya qo‘mitasi qoshida tashkil etilayotgan “Olimpik” futbol klubini Pro liganing 10-jamoasi sifatida tasdiqladi. “Olimpik” futbol klubi litsenziyalash reglamenti hamda Musobaqalar o‘tkazish reglamentidagi barcha talablarni bajarish sharti bilan turnirga qo‘shiladigan bo‘ldi. 

Pro liganing 2021-yilgi mavsumi uchun qur’a tashlash marosimi UzReport bilan hamkorlikda ilk marta jonli efirga olib chiqilishi rejalashtirilgan. Marosim sanasi hamda musobaqaning start oladigan kuni keyinroq ma’lum qilinadi. Quyida Pro liga ishtirokchilari to‘liq ko‘rsatilgan: “Buxoro”, “Neftchi”, “Sho‘rtan”, “Dinamo”, “Istiqlol”, “Oqtepa”, “Xorazm”, “Yangiyer”, “Aral”, “Olimpik”.

mib
cola
apex
bmb