O‘zPFLning tibbiy komissiyasi yangi mavsum rejalarini muhokama qildi

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Professional futbol ligasi pandemiya sharoitida futbol uchrashuvlarini barcha sanitariya qoidalariga rioya qilgan holda o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida malakali shifokorlarni jalb qilgan holda Komissiya tashkil etgan edi.

Mazkur Komissiya COVID-19 pandemiyasi davrida klublardagi futbolchilar, murabbiylar va boshqa mutaxassislar orasida epidemiologik vaziyatni va ularning sog‘lig‘i holatini nazorat qilish bo‘yicha samarali ish olib bora oldi va bu 2020-yilgi mavsumni jiddiy kechikishlarsiz yakunlash imkonini berdi.

Shifokorlardan iborat Komissiya 2021-yilda ham o‘z faoliyatini davom ettiradi. Klublar shifokorlari bilan muntazam aloqada bo‘lgan holda ish olib borilib, koronavirusga test topshirish jarayonini muvofiqlashtirish, kasallik aniqlangan holatlarda kerakli tavsiyalarni berish asnosida futbolchilarning sog‘lig‘i holati monitoring qilib boriladi.

Bugun O‘zPFL komissiyasi yangi mavsumga tayyorgarlik jarayoni bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Unda bir qator muhim masala va yangiliklar muhokama etildi. Jumladan, bundan buyon jamoalarning mavsum boshlanishi arafasida tibbiy ko‘rikdan o‘tish jarayoni oldingidek faqat Toshkentda o‘tkazilmaydi. Endi har bir klub yangi mavsum tayyorgarligi doirasida tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun poytaxtga kelishi shart bo‘lmaydi va o‘z shahrida joylashgan tibbiy muassasada ko‘rikdan o‘tishi mumkin bo‘ladi.

Tibbiy komissiya klublar shifokorlari faoliyatiga ko‘maklashish maqsadida yana bir qator yangiliklar joriy etishni rejalashtirmoqda. 

mib
cola
apex
bmb