Klublarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni endi MyLeague onlayn platformasi orqali amalga oshiriladi

O‘zPFL yangi mavsum uchun klublarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini boshladi. 

Shu paytga qadar klublar zarur hujjatlar to‘plamini tayyorlagach O‘zPFLga olib kelib taqdim qilar edi. Endilikda yangi mavsum uchun ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni O‘zPFLning maxsus elektron tizimi – MyLeague onlayn platformasi orqali bajariladi. 

Mazkur tizim yangi mavsumdan e’tiboran test ko‘rinishida tatbiq etilmoqda. Elektron tizimning afzallik jihati shundan iboratki, klub bunda ro‘yxatdan o‘tish uchun tayyorlaydigan hujjatlarini har gal O‘zPFLga olib kelishi talab etilmaydi. Klubning ta’sis hujjatlari, stadion va futbol maktabiga oid hujjatlar, tibbiy ko‘rik va sug‘urta ma’lumotlari, asosiy tarkib, U-21 va U-18 jamoalari futbolchilari bilan tuzilgan shartnomalarni bundan buyon MyLeague onlayn platformasiga yuklash mumkin bo‘ladi. Qolaversa, mazkur tizim futbolchilarning transfer va ijaraga o‘tishi jarayonini, uning shartnoma muddatlarini to‘liq monitoring qilib borish, shuningdek, futbolchilar va murabbiylarning elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirib borish imkonini taqdim etadi. 

Platformada har bir klubning alohida sahifasi mavjud bo‘ladi. Ayni paytda O‘zPFLda klublar vakillari uchun trening tashkil etilib, onlayn platformadan foydalanish bo‘yicha zarur tavsiya va ko‘rsatmalar berib borilmoqda. Hozirga qadar “Bunyodkor”, “Paxtakor”, AGMK va “Qo‘qon-1912” klublari vakillari MyLeague platformasi bilan tanishdi. Joriy hafta davomida Superliganing qolgan ishtirokchi klublari uchun ham treninglar tashkil etiladi.

mib
cola
apex
bmb